JSST: 2026-yilgi Ebola epidemiyasi eng halokatlisiga aylanishi mumkin

eʼlon qilindi
Foto: EPA

Kongo Demokratik Respublikasida davom etayotgan Ebola epidemiyasi tarixdagi eng halokatli avj olish holatidan ham oshib ketishi mumkin. Bu haqda Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) bosh direktori Tedros Adhanom Gebreyesus ma’lum qildi, deb yozmoqda BBC.

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2026-yilgi epidemiya hozirgi sur’atda davom etsa, 2014 – 2016-yillarda kamida 11 ming kishining hayotiga zomin bo‘lgan Ebola epidemiyasidan ham og‘irroq oqibatlarga olib kelishi mumkin.

Joriy yil 15-may kuni rasman e’lon qilingan epidemiya doirasida hozirgacha kamida 4,3 mingta kasallanish holati qayd etilgan, 2 mingdan ortiq kishilar vafot etgan.

Virus fevral oyidan tarqala boshlagani aytilmoqda

JSST 2026-yilgi epidemiyani uch oy ichida nazorat ostiga olishga umid qilmoqda. Biroq tashkilot bu muddat epidemiyaning butunlay tugashini emas, balki virus yuqish sur’atini jilovlashni anglatishini ta’kidladi.

Sog‘liqni saqlash mutaxassislariga ko‘ra, epidemiya may oyida rasman e’lon qilingan bo‘lsa-da, virus kamida uch oy oldin, ya’ni fevral oyidan tarqala boshlagan bo‘lishi mumkin.

JSSTning Afrika bo‘yicha direktori Muhammad Janabining aytishicha, dastlab ayrim bemorlarga bezgak yoki ich terlama tashxisi qo‘yilgan. Bu esa virusning aniqlanishi va unga qarshi choralar ko‘rilishini kechiktirgan.

«Biz virusni quvib yetishga harakat qilyapmiz, ammo virus bizdan oldinda», dedi u epidemiya markaziga yaqin Bunia shahrida o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Ebola virusining kam uchraydigan turi tarqalmoqda

2026-yilgi epidemiya Ebola virusining Bundibugyo deb ataladigan kam uchraydigan turi bilan bog‘liq. Ushbu tur avval faqat ikki marta – 2007 va 2012-yillarda epidemiya keltirib chiqargan.

Hozircha Bundibugyo turiga qarshi rasman tasdiqlangan vaksina yoki samaradorligi tan olingan maxsus davolash vositasi mavjud emas.

Kongo Demokratik Respublikasining sharqidagi beqaror siyosiy va xavfsizlik vaziyati ham epidemiyaga qarshi kurashni qiyinlashtirmoqda. JSST ma’lumotiga ko‘ra, tibbiyot xodimlari hozircha kasallanish holatlarining atigi 30 foiziga yetib bora olyapti.

Avvalroq «Kursiv» Kongoda Ebola bilan kasallanganlar soni 3,7 mingdan oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek