Karolin Levitt Oq uy matbuot kotibi lavozimidan ketadi

eʼlon qilindi
U Tramp jamoasidan butunlay ketmaydi
Karolin Levitt Oq uy matbuot kotibi lavozimidan ketadi
Foto: Karolin Levitt / Instagram

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uy matbuot kotibi Karolin Levitt joriy oy oxirida o‘z lavozimini tark etishini ma’lum qildi. Bu haqda BBC xabar berdi.

Tramp Levittni o‘zining «eng ishonchli yordamchilaridan biri» deb atadi. Prezidentning so‘zlariga ko‘ra, 28 yoshli Levitt yosh farzandlari va oilasiga ko‘proq vaqt ajratish uchun lavozimidan ketishga qaror qilgan.

Shu bilan birga, u Tramp jamoasidan butunlay ketmaydi. AQSh prezidenti Levitt bundan buyon uning asosiy tashqi maslahatchilaridan biri bo‘lishini va Respublikachilar partiyasida faoliyatini davom ettirishini aytdi. Hozircha Oq uyning yangi matbuot kotibi kim bo‘lishi ma’lum qilinmagan.

Levitt oilasiga ko‘proq vaqt ajratmoqchi

Karolin Levitt may oyida ikkinchi farzandi – qizli bo‘lgan. Uning, shuningdek, ikki yoshli o‘g‘li bor. U qariyb yetti haftalik tug‘uruq ta’tilidan so‘ng o‘tgan oy ishiga qaytgandi.

Trampning bayonotidan keyin Levitt X ijtimoiy tarmog‘ida Oq uy matbuot kotibi sifatida ishlashni hayotidagi katta sharaf va muhim tajriba deb atadi.

Uning qayd etishicha, ikki yosh farzandning onasi bo‘lish bilan birga Oq uy matbuot kotibi kabi doimiy vaqt, kuch va e’tibor talab qiladigan lavozimda ishlashni birgalikda davom ettirish tobora murakkablashgan.

Levitt shu sababli farzandlariga ko‘proq vaqt ajratish uchun Oq uydagi faoliyatining ushbu bosqichini yakunlashga qaror qilganini bildirdi.

Oq uy tarixidagi eng yosh matbuot kotibi

Levitt 2025-yilda Oq uy matbuot kotibi lavozimini egallagan va AQSh tarixida bu lavozimga tayinlangan eng yosh shaxs bo‘lgan.

U Tramp bilan bundan oldin ham uzoq vaqt ishlagan. Prezidentning birinchi muddatida Levitt Oq uyda matbuot kotibi yordamchisi va nutq yozuvchi sifatida faoliyat yuritgan.

Keyinchalik u Nyu-Yorkdan saylangan respublikachi kongressmen Elis Stefanikning kommunikatsiyalar bo‘yicha direktori bo‘ldi. 2022-yilda Levitt Nyu-Hempshir shtatidan Kongressga saylanishga urindi. U Respublikachilar partiyasining dastlabki saylovida g‘alaba qozongan bo‘lsa-da, asosiy saylovda demokrat Kris Pappasga yutqazgan.

Shundan so‘ng Levitt Trampni qo‘llab-quvvatlovchi MAGA Inc tashkilotining vakili bo‘lib ishladi. 2024-yilgi prezidentlik kampaniyasi vaqtida esa Tramp saylov shtabining milliy matbuot kotibi vazifasini bajardi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Tramp ma’muriyati 175 mingdan ortiq vizani bekor qilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek