Navoiyda 212,9 gramm oltin savdosi fosh etildi

eʼlon qilindi
Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda
Navoiyda 212,9 gramm oltin savdosi fosh etildi
Foto: DXX

Navoiy shahrida 212,9 gramm oltin savdosi fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.

Oltinni 340 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lishgan

DXX ma’lumotiga ko‘ra, Buxoro viloyatining Shofirkon tumanida yashovchi, 1987 va 1993-yillarda tug‘ilgan ikki nafar shaxs 212,9 gramm quyma oltinni xaridorga 340 mln so‘mga sotishga kelishgan.

Ular dastlab xaridorga 999 probali 26,3 gramm oltinni bergan va mahsulotning qolgan qismini keyinchalik yetkazib berishini bildirgan.

20 ming dollar va 100 mln so‘m olayotganda ushlandi

Tezkor tadbir davomida gumonlanuvchilar xaridordan 20 ming AQSH dollari hamda 100 mln so‘m olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Huquqni muhofaza qiluvchi organlar tezkor tadbir davomida noqonuniy oltin savdosining boshqa tafsilotlarini ham aniqlagan.

Yashirin oltin ajratish sexi aniqlangan

Tekshiruv davomida gumonlanuvchilardan biri o‘z yashash xonadonida qumdan oltinni ajratib olishga mo‘ljallangan yashirin sex tashkil qilgani ma’lum bo‘lgan.

Mazkur sexning faoliyati va u yerda oltin qanday yo‘l bilan qayta ishlangani yuzasidan tergov harakatlari olib borilmoqda.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan ikki nafar shaxsga nisbatan Jinoyat kodeksining 177-moddasi 4-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Tailanddan olib kelingan 4,6 kg mefedron ushlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek