O‘zbekiston qonunchiligidan «diniy ekstremizm» atamasi olib tashlanadi

Oliy Majlis Senatining 18-yalpi majlisida ekstremizmga qarshi kurashishga oid qonunchilikni yangilash nazarda tutilgan qonun ma’qullandi. Hujjat bilan Jinoyat kodeksi, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks va boshqa qonunlarga bir qator o‘zgartirishlar kiritilishi ko‘zda tutilgan.
Birinchi marta sodir etilgan qilmish uchun jinoiy jazo qo‘llanmaydi
Yangi tartibga ko‘ra, ekstremizm, separatizm yoki aqidaparastlik g‘oyalari aks etgan materiallarni tayyorlash, ularni tarqatish maqsadida saqlash, shuningdek, ekstremistik yoki terrorchilik tashkilotlarining ramz va belgilarini tarqatish yoki namoyish qilish uchun tayyorlash va saqlash birinchi marta sodir etilganda ma’muriy huquqbuzarlik hisoblanadi, ya’ni bunday qilmish uchun darhol jinoyat ishi qo‘zg‘atilmaydi. Shaxs avval ma’muriy javobgarlikka tortiladi.
Agar u ma’muriy jazo qo‘llanganidan keyin xuddi shu harakatni yana sodir etsa, shundagina jinoiy javobgarlik yuzaga keladi. Senat ma’lumotiga ko‘ra, bunday yondashuv qonunni buzgan, ammo adashgan shaxslarning huquqlarini himoya qilish, ularni qayta ijtimoiy hayotga moslashtirishga imkon berishi kerak.
Jinoyat haqida xabar bergan shaxs javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin
Qonun loyihasida yana bir muhim qoida belgilanmoqda. Agar shaxs jamoat xavfsizligi yoki tartibiga tahdid soluvchi materiallarni saqlash yoki tarqatish bilan bog‘liq holat haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga o‘z vaqtida xabar bersa va og‘ir oqibatlarning oldini olishga faol yordam ko‘rsatsa, boshqa jinoyat tarkibi bo‘lmagan taqdirda, u jinoiy javobgarlikdan ozod qilinishi mumkin.
Tashkilot tuzgan va unda qatnashganlar bir xil jazolanmaydi
Ekstremistik, separatistik, fundamentalistik va boshqa taqiqlangan tashkilotlar bilan bog‘liq jinoyatlar uchun jazolar ham qayta ko‘rib chiqilmoqda. Amaldagi tartibda bunday tashkilotni tuzish, unga rahbarlik qilish yoki unda ishtirok etish uchun bir xil – 15 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi nazarda tutilgan.
Yangi tartibda esa javobgarlik qilmishning og‘irligiga qarab belgilanadi. Tashkilot faoliyatida oddiy ishtirok etgan shaxsga nisbatan yengilroq, uni tuzgan yoki boshqargan shaxsga esa og‘irroq jazo qo‘llanishi ko‘zda tutilmoqda.
«Diniy ekstremizm» o‘rniga «ekstremizm» qo‘llanadi
Qonun bilan «diniy ekstremizm» atamasini «ekstremizm» tushunchasiga almashtirish taklif etilmoqda. Senatda ta’kidlanishicha, bu o‘zgarish ekstremizmni muayyan din bilan bog‘lashga yo‘l qo‘ymaslik va qonunchilikda yagona yondashuvni shakllantirishga qaratilgan.
Bundan tashqari, «ekstremizm» tushunchasining o‘zi ham aniqroq belgilanmoqda. Avval umumiyroq ifodalangan mazkur tushuncha o‘rniga sakkizta aniq xatti-harakat asosida ta’rif berilishi rejalashtirilgan. Bu esa qonunni turlicha yoki haddan tashqari keng talqin qilish xavfini kamaytirishga qaratilgan.
Ekstremistik tashkilotlar va materiallarning yagona reyestri yaratiladi
Qonun doirasida ekstremizmning oldini olish bo‘yicha davlat siyosatiga oid yangi mexanizmlar ham belgilanmoqda. Jumladan, ekstremizmning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha davlat dasturlari ishlab chiqiladi. Ularni O‘zbekiston prezidenti tasdiqlashi ko‘zda tutilmoqda.
Shuningdek, ekstremistik tashkilotlar va materiallarning yagona elektron reyestri yuritilishi belgilanyapti.
Ekstremistik faoliyat yoki unga bog‘liq tahdidlar haqida huquqni muhofaza qiluvchi organlarga xabar bergan shaxslarning ma’lumotlarini sir saqlash, ularni davlat tomonidan himoya qilish hamda ayrim hollarda rag‘batlantirish mexanizmlari ham qonun darajasida mustahkamlanmoqda.
Bundan tashqari, ekstremizmga qarshi kurashish bo‘yicha ilmiy tadqiqotlarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash ham nazarda tutilgan.
Qonun loyihasi Senatdagi muhokamalardan so‘ng senatorlar tomonidan ma’qullandi.
Avvalroq Oliy sud tomonidan diniy ekstremistik, terrorchilik va aqidaparastlik g‘oyalari targ‘ib etilgan internet manbalari hamda materiallarning yangilangan ro‘yxati e’lon qilingandi.