Qozog‘istondagi Xitoy neft-gaz kompaniyasi 2,6 mln dollar zarar ko‘rdi

eʼlon qilindi
Moliyaviy hisobotga ko‘ra, kompaniyaning 2025-yildagi ma’muriy xarajatlari qariyb $542 mingni tashkil etdi
Qozog‘istondagi Xitoy neft-gaz kompaniyasi 2,6 mln dollar zarar ko‘rdi
Foto: Pexels

Qozog‘istondagi neft va gaz qidiruvi hamda qazib olish bilan shug‘ullanuvchi Kazakhstan FengYuanXinMao Energy Ltd. kompaniyasining sof zarari 2025-yilda uch baravardan ko‘proqqa oshdi. Kompaniya yil yakunida qariyb $2,6 mln zarar qayd etdi. 2024-yilda mazkur ko‘rsatkich qariyb $745 mingni tashkil etgan edi.

Xarajatlar keskin oshgan

Moliyaviy hisobotga ko‘ra, kompaniyaning 2025-yildagi ma’muriy xarajatlari qariyb $542 mingni tashkil etdi. Bir yil avval bu ko‘rsatkich $39,5 ming atrofida edi.

Moliyaviy natijaga uzoq muddatli qarzlarning adolatli qiymatini qayta baholash bilan bog‘liq qariyb $1,92 mln xarajat hamda $661 mingga yaqin moliyalashtirish xarajatlari salbiy ta’sir ko‘rsatgan.

Shu bilan birga, kompaniya depozitlardan qariyb $140 ming daromad va valyuta kursi farqidan $408 mingga yaqin foyda olgan. Biroq bu tushumlar umumiy xarajatlarni qoplash uchun yetarli bo‘lmagan.

Kompaniya hozircha daromad olmayapti

Kazakhstan FengYuanXinMao Energy 2025-yilda mahsulot va xizmatlarni sotishdan daromad olmagan. 2024-yilda ham kompaniyaning realizatsiyadan tushumi bo‘lmagan.

Shunga qaramay, kompaniya Qozog‘istondagi geologik qidiruv loyihalarini moliyalashtirishda davom etmoqda. Avval e’lon qilingan jamoatchilik muhokamasi materiallarida kompaniya 1000 pogon kilometr hajmida 2D seysmik qidiruv ishlarini o‘tkazish va 18 ta qidiruv qudug‘ini burg‘ilashni rejalashtirgani ko‘rsatilgan.

Uchta uchastkada qidiruv ishlari olib boriladi

Kompaniya 2024-yilda olti yil muddatga uchta uchastkada uglevodorodlarni qidirish va qazib olish bo‘yicha shartnomalarni olgan.

Ulardan biri Atirau viloyatidagi Tas shag‘il uchastkasi bo‘lsa, yana ikkitasi Mang‘istau viloyatidagi Shimoliy Kendala va Janubiy Kendala uchastkalaridir.

Kompaniya Atirau va Aqtau shaharlarida ham filiallariga ega bo‘lib, Qozog‘istondagi loyihalarini ular orqali amalga oshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Qozog‘iston neft qazib olish qisqarishidan 3,5 mlrd dollar yo‘qotishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek