Quyosh tutilishi va meteor yomg‘iri: noyob tundan foto va videolar

eʼlon qilindi
12-avgust kuni Yevropaning ayrim hududlari noyob astronomik hodisalarga guvoh bo‘ldi
Quyosh tutilishi va meteor yomg‘iri: noyob tundan foto va videolar
Foto: EPA

12-avgust kuni Yevropaning ayrim hududlari noyob astronomik hodisalarga guvoh bo‘ldi. BBCga ko‘ra, avval Oy Quyosh yuzini to‘sib, ayrim joylarda to‘liq Quyosh tutilishini yuzaga keltirdi. Oradan bir necha soat o‘tib esa tungi osmonda Perseidlar meteor yomg‘iri eng faol bosqichiga chiqdi.

Yevropa osmonida Quyosh tutilishi

Foto: BBC

12-avgust kuni Oy Yer bilan Quyosh orasidan o‘tishi natijasida Quyosh tutilishi yuz berdi. Ispaniya, Islandiya, Grenlandiya va Rossiyaning ayrim hududlarida Quyosh to‘liq to‘sildi. Yevropaning boshqa ko‘plab joylarida, jumladan, Buyuk Britaniyada hodisa qisman kuzatildi.

To‘liq tutilish kuzatilgan hududlarda qisqa vaqtga osmon qorong‘ilashib, Quyoshning tashqi qatlami ko‘rindi. Ispaniyada minglab odamlar ushbu noyob hodisani maxsus ko‘zoynaklar orqali kuzatdi.

Bu materik Yevropada 1999-yildan beri kuzatilgan ilk to‘liq Quyosh tutilishi bo‘ldi.

Tunda Perseidlar meteor yomg‘iri kuzatildi

Quyosh tutilishidan keyin 12-avgustdan 13-avgustga o‘tar kechasi yana bir astronomik hodisa – Perseidlar meteor yomg‘iri eng faol bosqichiga chiqdi.

Perseidlar Yerning Svift-Tattl kometasi qoldirgan mayda zarrachalar oqimidan o‘tishi natijasida paydo bo‘ladi. Ushbu zarrachalar Yer atmosferasiga katta tezlikda kirib yonadi va osmonda xalq orasida «yulduz uchishi» deb ataladigan yorqin izlarni hosil qiladi.

Bu yil meteor yomg‘irining eng faol davri yangi Oy fazasiga to‘g‘ri kelgani sababli osmon qorong‘i bo‘lib, Perseidlarni kuzatish uchun ayniqsa qulay sharoit yuzaga keldi. NASA ma’lumotiga ko‘ra, hodisa avgust oyining katta qismida davom etadi, uning eng yuqori faolligi esa aynan 12 – 13-avgust kechasiga to‘g‘ri keldi.

Shunday qilib, bir kecha oralig‘ida osmon kuzatuvchilari ikkita yorqin astronomik hodisa – Quyosh tutilishi va Perseidlar meteor yomg‘irini tomosha qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, 2026-yilgi hodisadan keyin to‘liq Quyosh tutilishi:

  • 2028-yilda — Avstraliya va Yangi Zelandiyada;
  • 2030-yilda — Janubiy Afrikada;
  • 2035-yilda — Yaponiyada;
  • 2044-yilda — Kanada va AQShning g‘arbiy hududlarida;
  • 2045-yilda — Kanada va AQSh bo‘ylab kuzatiladi.
Shuningdek