Truth Social’dagi 100 ming dollarlik xizmat: Tramp sudga berildi

AQSh prezidenti Donald Trampga qarashli Truth Social tarmog‘idagi postlarga boshqalardan oldin kirish imkonini beruvchi pullik xizmat sud da’vosiga sabab bo‘ldi. Xizmat narxi oyiga $60 mingdan $100 minggacha bo‘lib, undan asosan yuqori tezlikdagi savdo bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar foydalanmoqda.
The Intercept Media va Freedom of the Press Foundation jurnalistik tashkilotlari AQSh prezidenti Donald Tramp ustidan Manxettendagi federal sudga da’vo arizasi kiritdi.
Da’voga Truth Social ijtimoiy tarmog‘ining Truth API nomli yangi xizmati sabab bo‘lgan. U korporativ mijozlarga Tramp va platformadagi boshqa yirik akkauntlarning postlarini oddiy foydalanuvchilarga qaraganda tezroq olish imkonini beradi.
Da’vogarlarning fikricha, Tramp davlat siyosatiga oid va moliya bozorlariga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan bayonotlariga erta kirishni pullik xizmat orqali taqdim etishdan moliyaviy manfaat ko‘rishi mumkin.
Xizmat oyiga $100 minggacha turadi
Trump Media & Technology Group Truth API xizmatini 1-avgustdan ishga tushirgan. Kompaniya uni korporativ mijozlar uchun ma’lumotlarni tezkor yetkazib beruvchi kanal sifatida taqdim etgan.
Trump Media vaqtinchalik rahbari Kevin Makgern ma’lumotiga ko‘ra, xizmat hozirgacha 10 dan ortiq mijozlarni jalb qilgan. Ularning aksariyati yuqori tezlikdagi birja savdolari bilan shug‘ullanuvchi kompaniyalar.
Mijozlar Truth API’dan foydalanish uchun oyiga $60 mingdan $100 minggacha to‘lamoqda.
Bunday imkoniyat treyderlar va avtomatlashtirilgan savdo tizimlariga Trampning bozorga ta’sir qilishi mumkin bo‘lgan postlariga tezroq munosabat bildirish imkonini beradi.
Jurnalistlar xizmatni noqonuniy deb hisoblamoqda
The Intercept Media va Freedom of the Press Foundation da’vosida ushbu tizim AQSh Konstitutsiyasining Birinchi va Beshinchi tuzatishlariga zid ekani aytilgan.
Tashkilotlar prezidentning rasmiy bayonotlaridan xususiy kompaniyasi orqali daromad olishi davlat manfaatlari bilan mos kelmasligini ta’kidlamoqda. Da’vogarlar suddan ushbu amaliyotni to‘xtatishni so‘ragan.
Oq uy hozircha da’vo yuzasidan izoh bermagan.
Trump Media esa Truth API imkoniyatlarini kengaytirishni rejalashtirmoqda. Kompaniya yirik texnologik platformalar, media tashkilotlari, katta til modellari ishlab chiquvchilari va prognoz bozorlari uchun ma’lumot litsenziyalash bo‘yicha ham muzokaralar olib borayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Tramp ma’muriyati 175 mingdan ortiq vizani bekor qilgandi. AQSh Davlat departamenti ma’lumotiga ko‘ra, aksariyat holatlar jinoyat, viza qoidalarini buzish, firibgarlik va milliy xavfsizlikka tahdidlar bilan bog‘liq.