2027-yildan O‘zbekistonda 5 ta hududlararo sud ochiladi

eʼlon qilindi ( yangilandi)
sud
2030-yilgacha rivojlantirishga mo‘ljallangan «Odil sudlov – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi
2026–2027-yillarda «E-KSUD» axborot tizimi joriy etiladi
Foto: depositphotos

O‘zbekistonda sud-huquq tizimini 2030-yilgacha rivojlantirishga mo‘ljallangan «Odil sudlov – 2030» strategiyasi ishlab chiqildi. Uning doirasida 2027-yil 1-iyuldan beshta hududlararo sud tashkil etilishi rejalashtirilgan. Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuvda strategiya loyihasini ma’qulladi.

Strategiya aholining takliflari, huquqshunos olimlar, amaliyotchi yuristlar va advokatlar fikrlari hamda xorijiy tajriba asosida tayyorlangan. Unda 57 ta vazifa, 2026 – 2028-yillarga mo‘ljallangan 160 ta chora-tadbir va 2030-yilgacha erishilishi kerak bo‘lgan 33 ta maqsad belgilangan.

Hududlararo sudlar tashkil etiladi

Quyi instansiya sudlari qarorlarini qayta ko‘rib chiqish tizimini xolislashtirish maqsadida 2027-yil 1-iyuldan beshta hududlararo sud faoliyat boshlaydi.

Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanadi, taftish instansiyasining vakolatlari esa yangi hududlararo sudlarga o‘tkaziladi. Shu tariqa bir sudning o‘zi chiqargan qarorni yana o‘zi qayta ko‘rib chiqishi amaliyotiga barham berish ko‘zda tutilgan.

Shuningdek, bu fuqarolarning sud masalalari bo‘yicha poytaxtga borish ehtiyojini kamaytirishi kutilmoqda.

Fuqarolik sudlari tuman va shaharlarga yaqinlashadi

2030-yilgacha ehtiyojdan kelib chiqib, deyarli barcha tuman va shaharlarda fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar faoliyatini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish rejalashtirilgan.

Sudlarda axborot olish, ariza topshirish va raqamli xizmatlardan foydalanish «yagona darcha» tamoyili asosida tashkil etiladi.

Agar fuqaro arizani vakolatiga kirmaydigan sudga topshirsa, hujjat unga qaytarib yuborilmaydi. Sudning o‘zi uni tegishli sudga yo‘naltiradi. Arizada kichik kamchiliklar aniqlansa, ularni bartaraf etishda fuqaroga yordam ko‘rsatiladi.

Tergovda «asosli gumon» standarti paydo bo‘ladi

Tergov va surishtiruv jarayonida inson huquqlarini kuchliroq himoya qilish uchun «asosli gumon» – prima facie standarti joriy qilinadi.

Tergov sudyasi sanksiya berishda shaxsni ushlab turish qonuniyligini, gumon yoki ayblov uchun yetarli asos mavjudligini tekshirishi hamda zarur hollarda qo‘shimcha hujjatlarni talab qilishi mumkin bo‘ladi.

Bu fuqarolarning erkinligini asossiz cheklash holatlarining oldini olishga qaratilgan.

«Pretsedentlar reyestri» yaratiladi

Sud amaliyotini bir xillashtirish maqsadida Oliy sud Rayosati qarorlarini qamrab oladigan ochiq «Pretsedentlar reyestri» tashkil etiladi.

Iqtisodiy nizolarni tezroq ko‘rib chiqish uchun esa «iqtisodiy ishlarni proaktiv boshqarish» standarti joriy qilinadi. Bu tadbirkorlardan bir xil hujjatlarni turli idoralarga qayta-qayta taqdim etishni talab qilish holatlarini kamaytirishi kerak.

2028-yildan sudyalarni odil sudlovga bevosita aloqador bo‘lmagan tashkiliy ishlardan ozod qilish maqsadida «sud ma’murchiligi» instituti ham joriy etiladi.

Sud majlislarining 100 foizi audioyozuvga olinadi

Strategiya doirasida barcha sudlarda «Raqamli sud» konsepsiyasini to‘liq ishga tushirish, my.sud.uz portali va uning mobil ilovasini rivojlantirish ko‘zda tutilgan.

Sudlarga yuboriladigan murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklga o‘tkazish, sud majlislarining 100 foizini audioyozuv orqali qayd etish hamda Oliy sud axborot tizimlaridan foydalanuvchilar sonini kamida besh baravar oshirish maqsad qilingan.

Bundan tashqari, mediatsiya va yarashuv mexanizmlarini kengaytirish, noqonuniy deb topilgan ma’muriy hujjatlarning ochiq reyestrini yuritish hamda «xalq vakillari hay’ati» ishtirokida ko‘riladigan jinoyat turlari sonini kamida uchtaga yetkazish rejalashtirilmoqda.

Prezident strategiya loyihasini ma’qullab, unda belgilangan islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan tegishli farmonni imzoladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekiston qonunchiligidan «diniy ekstremizm» atamasi olib tashlanishi haqida yozgandi.

Shuningdek