Afg‘onistonda 2,4 mln qiz o‘rta ta’limdan mahrum — UNESCO

eʼlon qilindi
2001-yildan keyin Afg‘onistonda qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari asta-sekin yaxshilangan
Afg‘onistonda 2,4 mln qiz o‘rta ta’limdan mahrum
Foto: pixabay

2026-yilda Afg‘onistonda 2,4 mln nafar qiz boshlang‘ich maktabni tugatgach, o‘qishni davom ettirish imkonidan mahrum bo‘ldi. Mamlakat dunyoda ayollar va qizlarga boshlang‘ich ta’limdan keyin o‘qish taqiqlangan yagona davlat bo‘lib qolmoqda. Bu haqda UNESCO ma’lum qildi.

Afg‘onistonda qizlarning o‘rta ta’lim olishi bo‘yicha cheklovlar qariyb besh yildan beri amal qilmoqda. 2022-yildan boshlab ayollarning oliy ta’lim muassasalarida tahsil olishiga ham ruxsat berilmaydi.

2021-yilgacha qizlar ta’limi kengayib borgan

UNESCO ma’lumotlariga ko‘ra, 2001-yildan keyin Afg‘onistonda qizlarning ta’lim olish imkoniyatlari asta-sekin yaxshilangan. 2021-yilga kelib qariyb 1 mln afg‘on qizi o‘rta maktablarda tahsil olayotgan edi.

Keyinchalik joriy etilgan cheklovlar ushbu jarayonni keskin ortga surdi. Endilikda boshlang‘ich maktabni tugatgan qizlar o‘rta ta’limga o‘ta olmaydi.

Cheklovlar o‘qituvchilarga ham ta’sir ko‘rsatdi. Ayol o‘qituvchilarning o‘g‘il bolalarga dars berishi taqiqlandi. UNESCO bunday choralar pedagoglar yetishmovchiligini kuchaytirgani va ta’lim sifatiga salbiy ta’sir ko‘rsatganini qayd etmoqda.

Ayollarga nisbatan boshqa cheklovlar ham kuchaygan

Afg‘onistondagi amaldagi qoidalar ayollarning jamoat hayotidagi ishtirokini ham keskin cheklaydi. Xususan, ularga jamoat joylarida baland ovozda gapirish, qo‘shiq aytish va matnni ovoz chiqarib o‘qish taqiqlangan.

Mazkur qoidalarga rioya etilishini «axloq politsiyasi» nazorat qiladi. Shuningdek, ayollarning ayrim safarlarga erkak vasiy hamrohligisiz chiqish imkoniyati cheklangan.

UNESCO Afg‘oniston hukumatini qizlar va ayollarning ta’lim olish huquqini to‘liq tiklashga chaqirmoqda. Tashkilot ta’limga qo‘yilgan cheklovlar nafaqat millionlab qizlarning kelajagiga, balki mamlakatning uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishiga ham ta’sir ko‘rsatishini ta’kidlamoqda.

Avvalroq «Kursiv» Qozog‘iston O‘zbekiston orqali Afg‘onistonga qalbaki un olib kirilishidan xavotir bildirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek