Dunay suvi kamaydi: Ruminiya AESni to‘xtatdi, Vengriya to‘g‘on qurmoqda

eʼlon qilindi
Cernavoda AES operatori Nuclearelectrica avvalroq stansiyaning ikki reaktoridan birini to‘xtatgan edi
Dunay suvi kamaydi: Ruminiya AESni to‘xtatdi, Vengriya to‘g‘on qurmoqda
Foto: Pexels

Yevropadagi qurg‘oqchilik va Dunay daryosida suv sathining rekord darajada pasayishi energetika tizimiga bevosita ta’sir qila boshladi. Ruminiya mamlakatdagi yagona atom elektr stansiyasi – Cernavoda AES faoliyatini to‘liq to‘xtatdi.

Vengriya esa xuddi shu daryodan sovitish uchun foydalanadigan Paks AESini ishlatib turish maqsadida Dunayda vaqtinchalik va doimiy to‘siqlar qurishga kirishdi.

Cernavoda AES odatda Ruminiyada ishlab chiqariladigan elektr energiyasining qariyb beshdan bir qismini ta’minlaydi. Stansiyaning ikkala reaktori ham sovitish uchun to‘liq Dunay suviga bog‘liq.

Ruminiyada ikkala reaktor ham to‘xtatildi

Cernavoda AES operatori Nuclearelectrica avvalroq stansiyaning ikki reaktoridan birini to‘xtatgan edi. 13-avgust kuni kompaniya Dunaydagi suv sathi «sezilarli va davomli» ravishda pasayayotgani sabab ikkinchi reaktorni ham o‘chirishga majbur bo‘lganini ma’lum qildi.

Bu Ruminiya uchun kam uchraydigan holat. Cernavoda AES bundan avval 2023-yilda ham kuchli issiq va qurg‘oqchilik sabab vaqtincha to‘xtatilgan edi.

Avgust boshida hukumat stansiyaga ko‘proq suv yo‘naltirish uchun noodatiy choralarni ham qo‘llagan. Ruminiya harbiy-dengiz kuchlari daryo tubida suv kamayishi ortidan ochilib qolgan tosh qatlamlarini portlatib, oqimni Cernavoda tomonga yo‘naltirishga uringan.

Biroq yog‘ingarchilik bo‘lmagani va suv sathi pasayishda davom etgani sabab bu choralar AESni ishlatib turishga yetarli bo‘lmadi. Stansiya direktori Romeo Urjan yaqin 10 kun ichida AESni qayta ishga tushirish rejalashtirilmayotganini bildirgan.

Ruminiya elektr importini oshirishi mumkin

Ruminiya Energetika vazirligi AES to‘xtashi fonida elektr ta’minotidagi uzilishlarning oldini olish uchun muqobil manbalarni ishga solmoqda. Hukumat shamol energetikasi va elektr importiga tayanishni rejalashtirmoqda.

Shu bilan birga, aholidan elektr energiyasidan tejamkor foydalanish so‘ralgan. Agar vaziyat og‘irlashsa, yirik sanoat korxonalariga kechki soatlarda iste’molni cheklash talabi qo‘yilishi mumkin.

Avvalroq «Kursiv» Yevropadagi o‘rmon yong‘inlari 3,1 mlrd yevro zarar keltirgani haqida yozgan edi.

Shuningdek