Germaniyada jazirama 12 500 kishining «boshini yedi»

eʼlon qilindi ( yangilandi)
Bu so‘nggi o‘n yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi
Foto: Theolivepress.es

Germaniyada 2026-yil boshidan buyon kuchli issiq bilan bog‘liq kamida 12 500 ta muddatidan oldingi o‘lim qayd etilgan. Bu so‘nggi o‘n yildagi eng yuqori ko‘rsatkich hisoblanadi. Bu haqda Robert Kox instituti (RKI) ma’lum qildi. 

Institut hisob-kitoblariga ko‘ra, raqam hali yakuniy emas va issiq sabab vafot etganlar soni bundan ham ko‘p bo‘lishi mumkin.

Eng ko‘p keksa odamlar vafot etgan

Ma’lumotlarga ko‘ra, jaziramadan eng ko‘p 85 yosh va undan kattalar zarar ko‘rgan. Ushbu yosh guruhida taxminan 6 300 kishi issiq bilan bog‘liq sabablar tufayli vafot etgan. 75 – 84 yoshdagi qurbonlar soni esa 3 100 nafardan oshgan.

Issiqdan o‘lim ko‘rsatkichi Germaniyaning barcha hududlarida bir xil bo‘lmagan. Eng yuqori ko‘rsatkich Saar va Reynland-Pfalts federal yerlarida qayd etilgan. Bu hududlarda har 100 ming aholiga mos ravishda 43,4 va 38,7 ta o‘lim to‘g‘ri kelgan. Mamlakat bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkich esa 100 ming kishiga 15 ta o‘limni tashkil qilgan.

Iyun oyidagi jaziramada 5 100 kishi vafot etgan

Germaniyada yilning eng kuchli issiq to‘lqinlaridan biri iyun oyining oxirida kuzatilgan. Ayrim hududlarda havo harorati 40 darajadan oshgan.

RKI hisob-kitobiga ko‘ra, faqat shu iyun oyidagi jazirama Germaniyada qariyb 5 100 kishining muddatidan oldin vafot etishiga sabab bo‘lgan.

Yangi issiq to‘lqini hozir Germaniyaga yana kirib kelgan bo‘lsa-da, u iyun oxiridagi jaziramaga qaraganda kuchsizroq kechmoqda.

2018 va 2019-yillardagi ko‘rsatkichlardan yuqori

2026-yildagi ko‘rsatkich Germaniyada so‘nggi o‘n yil ichidagi eng yuqori natija bo‘ldi.

Taqqoslash uchun, 2018-yilda taxminan 9 400 kishi, 2019-yilda esa 7 700 kishi issiq bilan bog‘liq sabablardan vafot etgan.

Yevropada ham 2026-yilning iyun va iyul oylari kuzatuvlar tarixidagi eng issiq davrlardan biri bo‘ldi. Copernicus ma’lumotlariga ko‘ra, shu ikki oyda G‘arbiy Yevropadagi o‘rtacha harorat 1991 – 2020-yillardagi me’yordan 2,79°C yuqori bo‘lgan.

Germaniyada jaziramaga qarshi choralar kuchaytirilishi mumkin

Kuchli issiq sabab o‘limlar ko‘paygani Germaniyada jaziramaga tayyorgarlik masalasini ham kun tartibiga olib chiqdi.

Germaniyaning sobiq sog‘liqni saqlash vaziri Karl Lauterbax jazirama paytida aholiga tezkor ma’lumot beradigan maxsus portal va telefon liniyalarini butun mamlakat bo‘ylab joriy etishni taklif qildi.

Atrof-muhit va iqlim masalalari bo‘yicha davlat kotibi Yochen Flasbart esa 2027-yil yozigacha ekstremal issiqqa qarshi milliy reja ishlab chiqish zarurligini bildirdi.

Nemis shifoxonalari ham muammoga duch kelmoqda. Germaniya kasalxonalar assotsiatsiyasining ta’kidlashicha, mamlakatdagi klinikalarning faqat kichik qismida bemorlar yotadigan xonalar konditsioner bilan jihozlangan.

Avvalroq Yevropa qit’asining katta qismida yoz boshidan beri uchinchi kuchli issiq to‘lqini kuzatilayotgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek