
Google Gemini 3.7 Flash sun’iy intellekt modelini taqdim etdi. Yangi versiya avvalgi Gemini 3.6 Flash chiqarilganidan atigi uch hafta o‘tib taqdim qilindi.
Kompaniya 2026-yil oxirigacha Gemini 3.7 Flash uchun maxsus boshlang‘ich tariflarni ham belgiladi. Modelda 1 mln kirish tokeni $0,75, 1 mln chiqish tokeni esa $3,75 turadi. Bu Gemini 3.6 Flash’ning dastlabki narxidan ikki baravar arzon.
Dasturlash ko‘rsatkichlari sezilarli oshdi
Google ma’lumotlariga ko‘ra, Gemini 3.7 Flash’ning eng katta yangilanishlaridan biri dasturlash imkoniyatlariga tegishli.
FrontierCode 1.1 Main testida foydalanishga tayyor kod yaratish aniqligi Gemini 3.6 Flash’dagi 34,4 foizdan 43,6 foizgacha oshgan. DeepSWE v1.1 sinovida esa natija 49 foizdan 65,3 foizgacha ko‘tarilgan.
Veb-ishlab chiqish vazifalarida ham yangi model kamroq so‘rov bilan murakkabroq va funksional interfeys hamda ilovalarni yaratishga qodir ekani ta’kidlanmoqda. UI yaratishda model boshlang‘ich rasm, skrinshot yoki dizayn tizimiga avvalgi versiyaga qaraganda aniqroq moslasha oladi.

WebDev Arena reytingida Gemini 3.7 Flash 1588 Elo ball to‘plagan. Taqqoslash uchun, Gemini 3.6 Flash natijasi 1538 ballni tashkil etgan.
Murakkab hujjatlar bilan ishlash ham yaxshilandi
Gemini 3.7 Flash katta hajmdagi va ixtisoslashgan ma’lumotlarni qayta ishlash bo‘yicha ham yaxshiroq natija ko‘rsatgan.
Murakkab hujjatlarni tahlil qilish imkoniyatini baholovchi GDP.pdf testida yangi model 34 foizlik natijaga erishgan. Avvalgi versiyada bu ko‘rsatkich 22 foiz edi.
Real biznes jarayonlarini bajarish qobiliyatini tekshiruvchi AutomationBench testida esa Gemini 3.7 Flash 30,4 foiz natija qayd etgan. Gemini 3.6 Flash’da bu ko‘rsatkich 17 foizni tashkil qilgan.
Ko‘p bosqichli vazifalarda kamroq nazorat talab qilinadi
Google yangi model ko‘rsatmalarga rioya qilish, murakkab vazifalarni bosqichma-bosqich rejalashtirish va tashqi vositalardan foydalanishda ham yaxshilanganini bildirgan.
Gemini 3.7 Flash vazifa bajarish jarayonida to‘siqqa duch kelganda vaziyatga mos ravishda javob bera oladi va foydalanuvchi maqsadini aniqroq tushunishga harakat qiladi. Kompaniya fikricha, bu modelni qayta-qayta ishga tushirish zaruratini kamaytirishi hamda foydalanuvchining qo‘lda nazorat qilishiga bo‘lgan ehtiyojni qisqartirishi mumkin.
Gemini Spark ham yangi modelga o‘tdi
Gemini 3.7 Flash allaqachon Google’ning shaxsiy AI-agenti – Gemini Spark’da qo‘llanmoqda. Ushbu xizmat Google AI Pro va Ultra obunachilari uchun 160 dan ortiq mamlakatda mavjud.
Yangilanish Spark’ning Google Workspace vositalari bilan ishlashini, shuningdek, bir vaqtning o‘zida bir nechta ko‘nikma talab qiladigan murakkab topshiriqlarni bajarish imkoniyatlarini yaxshilashi kutilmoqda.
Google, shuningdek, modelning kimyoviy, biologik va yadroviy qurollar hamda kiberhujumlar bilan bog‘liq suiiste’mollarning oldini olishga qaratilgan himoya mexanizmlarini yangilaganini ma’lum qildi.
Avvalroq «Kursiv» Google Assistant 4-sentabrdan boshlab smartfonlarda bosqichma-bosqich o‘chirilishi haqida yozgan edi.