Hormuz blokadasi Iroqni oyiga 6 mlrd dollargacha mablag‘siz qoldirmoqda

Eron atrofidagi urush va Hormuz bo‘g‘ozining bloklanishi Iroq iqtisodiyotiga jiddiy bosim o‘tkazmoqda. Bu haqda Deutsche Welle (DW) xabar berdi.
Iroq davlat budjeti daromadlarining qariyb 85 – 90 foizi neft eksporti hisobidan shakllanadi. Shu bilan birga, mamlakatda mehnatga layoqatli qariyb 30 mln aholining uchdan ikki qismi daromadi bevosita yoki bilvosita davlatga bog‘liq. Maoshlar, pensiyalar va ijtimoiy to‘lovlarni moliyalashtirish uchun hukumatga har oy $6,5 – 8,2 mlrd kerak bo‘ladi.
Iroq neft eksporti 97 foizgacha qisqardi
Biroq Hormuz bo‘g‘ozidagi vaziyat sabab Iroqning asosiy daromad manbai keskin qisqardi. Urushgacha mamlakat neftining 80 – 90 foizi aynan shu yo‘nalish orqali tashqi bozorlarga chiqarilgan. Muqobil eksport yo‘llarining imkoniyati esa cheklangan.
Mart oyida Iroq neft eksporti o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan qariyb 83 foizga kamaygan. May oyiga kelib dengiz orqali xom neft yetkazib berish hajmi 97 foizga qisqargan.
Natijada may va iyun oylarida hukumatning oylik daromadi atigi $2 – 2,3 mlrd atrofida bo‘lgan. Bu davlat xizmatchilari, pensionerlar va ijtimoiy to‘lovlarni moliyalashtirish uchun talab qilinadigan summadan bir necha baravar kam.
Davlat xizmatchilarining maoshlari kechikmoqda
Pul taqchilligi allaqachon aholiga ta’sir qila boshlagan. Ayrim davlat xizmatchilarining maoshlari o‘n kundan ortiq kechikmoqda. Avgust boshida universitet xodimlari hamda Elektr energetikasi vazirligi tizimidagi xodimlar maoshlarning vaqtida to‘lanmagani sabab norozilik namoyishlariga chiqdi.
Iroq hukumati maoshlar har 45 kunda bir marta berilishi haqidagi xabarlarni rad etdi. Rasmiylarga ko‘ra, mamlakat ixtiyorida $83 mlrdga yaqin valyuta zaxiralari, oltin va neftdan tashqari daromad manbalari mavjud. Hukumat ushbu mablag‘lar maoshlarni yana 10 – 11 oy davomida to‘lash uchun yetishini bildirgan.
Biroq tahlilchilar muammo qisqa muddatda hal bo‘lmasligi mumkinligidan ogohlantirmoqda. Oxford Economics hisob-kitoblariga ko‘ra, Hormuz bo‘g‘ozidagi dengiz qatnovi kamida 2028-yilgacha urushgacha bo‘lgan darajaga barqaror qaytmasligi mumkin.
Iroq iqtisodchisi Ali al-Raviy vaziyatni faqat neft sektoridagi inqiroz sifatida baholash noto‘g‘ri ekanini ta’kidlagan. Uning fikricha, mamlakat iqtisodiyoti neft daromadlariga haddan tashqari bog‘liq bo‘lib qolgan va eksportdagi uzilishlar boshqa sohalarga ham tez tarqalmoqda.
Hukumat $83 mlrdlik zaxiraga tayanmoqda
Buning dastlabki belgilaridan biri avtomobil bozorida kuzatilgan. 2026-yilning birinchi yarmida Iroqda yangi avtomobillar savdosi 28,6 foizga kamaygan.
Chatham House tadqiqotchisi Hayder al-Shakerining fikricha, hozirgi maosh kechikishlari Iroqda darhol keng ko‘lamli siyosiy beqarorlikni keltirib chiqarishi ehtimoli past. Biroq muammo elektr energiyasi taqchilligi, inflyatsiya va davlat xizmatlari sifati yomonlashuvi bilan bir vaqtda davom etsa, alohida norozilik namoyishlari umumxalq harakatiga aylanishi mumkin.
Iroq hukumati Hormuz bo‘g‘oziga qaramlikni kamaytirish uchun muqobil yo‘llarni izlamoqda. Neftning bir qismi Turkiya orqali quvur bilan eksport qilinmoqda, ayrim hajmlar esa avtomobillarda Suriya portlariga yetkazilib, u yerdan kemalarga yuklanmoqda. Shuningdek, hukumat uzoq vaqt ishlamagan Iroq – Livan neft quvurini qayta tiklash rejasini ham e’lon qilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Tramp Erondan 50 yillik zarar uchun tovon talab qilgani haqida yozgan edi.