
Jorjina Rodriges hayotini moda, qimmatbaho taqinchoqlar va sayohatlar bilangina emas, hashamatli avtomobillar bilan ham chambarchas bog‘lagan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida modelning avtomobillari haqida hikoya qilinadi.
Ferrari SF90 — Jorjina bilan ko‘ringan eng qimmat avtomobillardan biri

2026-yil fevralida Jorjina Rodriges Instagram’dagi suratlaridan birida oq rangli Ferrari SF90 Stradale Assetto Fiorano yonida ko‘rinish berdi. Britaniyaning The Sun nashri avtomobil qiymatini qariyb 440 ming funt deb baholagan. Ayrim xorijiy nashrlar uni Jorjinaning yangi avtomobili sifatida taqdim etgan, biroq mashinaning aynan uning nomiga rasmiylashtirilgani haqida ochiq tasdiqlangan ma’lumot yo‘q.
SF90 Stradale Ferrari tarixidagi muhim modellardan biri hisoblanadi. Kompaniya ma’lumotiga ko‘ra, bu Ferrari’ning seriyali ishlab chiqarilgan ilk plug-in gibrid avtomobili bo‘lib, benzin va elektr motorlarining umumiy quvvati 1 000 ot kuchiga yetadi. Model 100 km/soat tezlikka taxminan 2,5 soniyada chiqadi. Assetto Fiorano paketi esa avtomobilni yanada yengil va sportga yo‘naltirilgan qiladi.
Ronaldu Jorjinaga Porsche Taycan sovg‘a qilgan
Jorjina bilan bevosita bog‘lanadigan yana bir avtomobil – oq rangli Porsche Taycan. 2025-yilda er-xotinning unashtiruvi ortidan Britaniya OAV Krishtianu Ronaldu Rodrigesga bir qator qimmatbaho sovg‘alar, jumladan, elektr Porsche taqdim etgani haqida yozdi.
The Sun avtomobil qiymatini 78,2 ming funt deb ko‘rsatgan. VnExpress esa shu ma’lumotga tayanib, Taycan narxini qariyb $105 ming deb baholagan. Goal ham oq rangli elektr Porsche Taycan Jorjinaga berilgan sovg‘alar orasida bo‘lganini qayd etgan.
Shu sababli Taycan – xorijiy OAV ma’lumotlari asosida Jorjinaning o‘ziga tegishli avtomobillar qatoriga kiritish mumkin bo‘lgan modellardan biridir.
Smart #1 — Jorjinaga tegishliligi eng aniq avtomobillardan

Hashamatli superkarlar orasida nisbatan oddiyroq Smart #1 ham Jorjina Rodriges garajidan o‘rin olgan. Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, u Ispaniyada Smart #1 Launch Edition’ni olgan birinchi mijoz bo‘lgan. Jorjina ushbu avtomobil bilan «I Am Georgina» serialining ikkinchi mavsumida ham ko‘rinish bergan.
Uning avtomobili Yevropa uchun atigi 1 000 dona ishlab chiqarilgan Launch Edition versiyasiga mansub. Nashr avtomobilning o‘sha paytdagi narxini 46,9 ming yevro deb ko‘rsatgan. Elektromobil bir quvvatlanishda 440 km gacha yo‘l bosishi mumkin. Smart kompaniyasining ma’lumotlari ham #1 modelining ayrim versiyalarida WLTP bo‘yicha maksimal yurish masofasi 440 km ga yetishini ko‘rsatadi.
Bentley Flying Spur va Mercedes-Benz GLE

Jorjina Rodriges bir necha bor Bentley Flying Spur bilan ham ko‘rinish bergan. Autoevolution ma’lumotiga ko‘ra, u 2021-yilda avtomobil rulida tushgan suratini ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilgan. Shu bilan birga, Krishtianu Ronaldu ham ushbu Bentley’ni boshqargani suratga olingan. Shuning uchun Flying Spur kimning nomiga rasmiylashtirilgani noma’lum.
Jorjina Mercedes-Benz’ning GLE oilasidagi avtomobillardan ham foydalangan. 2020-yilda u Mercedes-Benz GLE 450 4MATIC Coupe bilan suratga tushgan. Keyinchalik Buyuk Britaniyaning Cheshir hududida Mercedes-Benz GLE 350d avtomobilidan tushayotgani ham tasvirga olingan. Autoevolution bu mashinalarni Jorjina bilan bog‘laydi, ammo ularning shaxsiy egasi aynan Rodriges ekani haqida aniq ma’lumot bermaydi.

Bugatti va Rolls-Royce ham Jorjinaga begona emas
«I Am Georgina» orqali tomoshabinlar Krishtianu Ronalduning katta avtomobil kolleksiyasini ham ko‘rishgan. Unda Bugatti Chiron, Ferrari 599 GTO, McLaren Senna, bir nechta Mercedes-Benz va Rolls-Royce avtomobillari mavjud. Jorjina, shuningdek, Bugatti Veyron Vitesse, Rolls-Royce Cullinan va klassik Chevrolet Corvette C3 bilan suratga tushgan. Ammo Autoevolution ushbu mashinalarni Ronalduning avtomobillari sifatida ko‘rsatadi.
Shuning uchun internetda uchraydigan «Jorjinaning Bugatti kolleksiyasi» yoki «Jorjinaning Rolls-Royce’i» kabi ta’riflarga ehtiyotkorlik bilan qarash kerak. Juftlik bir garajdagi avtomobillardan foydalanishi mumkin, biroq bu ularning barchasi Rodrigesga tegishli degani emas.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Rodrigesning boyligi haqida yozgan edi.