Krishtianu Ronaldu ilk bor sochini qizg‘ish rangga bo‘yadi

14-avgust 2026 08:37 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Krishtianu Ronaldu ilk bor sochini qizg‘ish rangga bo‘yadi
Foto: Instagram/ @cristiano

Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining «Al-Nassr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu yangi imiji bilan muxlislar e’tiborini tortdi. 41 yoshli futbolchi sochini qisqartirib, mis-qizg‘ish tusga bo‘yagan holda jamoasi qarorgohiga qaytdi. Futbolchi yangi rasmlarini ijtimoiy tarmoqdagi sahifalariga joyladi.

Ronaldu 13-avgust kuni «Al-Nassr» mashg‘ulotlariga yangi ko‘rinishda kelgan. Ayrim yorug‘likda uning sochi qizg‘ish, boshqa rakurslarda esa mis-sarg‘ish tusda ko‘rinmoqda. Bu portugaliyalik futbolchining odatiy to‘q rangdagi soch turmagidan keskin farq qiladi.

Foto: Instagram/ @cristiano

Futbolchining yangi imiji ijtimoiy tarmoqlarda ham keng muhokama qilina boshladi. O‘zgarish Ronaldu uchun nafaqat yangi futbol mavsumi, balki shaxsiy hayotida ham muhim voqealar sodir bo‘lgan davrga to‘g‘ri keldi.

Ronaldu Jorjina Rodrigesga uylandi

Ronaldu yangi imijini namoyish etishidan ikki kun avval uzoq yillik sevgilisi Jorjina Rodriges bilan rasman nikohdan o‘tdi. Ularning fuqarolik nikohi 11-avgust kuni Portugaliyaning Lissabon yaqinidagi Kaskaysh shahrida yopiq tarzda o‘tkazildi.

Foto: Instagram/ @cristiano

Juftlik 2016-yildan beri birga. Ular dabdabali ommaviy marosim o‘rniga oilaviy va yopiq tadbirni tanlagan. AP ma’lumotiga ko‘ra, marosimda ularning besh nafar farzandi ham qatnashgan.

Ronaldu va Jorjina nikoh haqidagi xabarni ijtimoiy tarmoqlarda qo‘llari va nikoh uzuklari aks etgan surat bilan tasdiqladi. Shu tariqa qariyb o‘n yil davom etgan munosabatlardan so‘ng ular rasman er-xotin bo‘ldi.

Nikohdan keyingi ilk ko‘rinish

To‘ydan keyin Ronaldu va Jorjina Lissabon aeroportida birgalikda ko‘rinish berdi. Bu ularning nikoh xabari e’lon qilinganidan keyingi ilk ommaviy chiqishlaridan biri bo‘ldi.

Oradan ko‘p vaqt o‘tmay Ronaldu Saudiya Arabistoniga qaytib, «Al-Nassr» tarkibidagi mashg‘ulotlarini davom ettirdi. Aynan klub qarorgohiga qaytishi vaqtida uning yangi soch turmagi va noodatiy rangi muxlislar e’tiborini tortdi.

Shu tariqa Ronaldu uchun avgust oyining ikkinchi haftasi bir vaqtning o‘zida ikki katta yangilik bilan o‘tdi: u Jorjina Rodriges bilan qariyb o‘n yillik munosabatlarini nikoh bilan mustahkamladi va yangi mavsum oldidan odatdagidan keskin farq qiluvchi imijda «Al-Nassr»ga qaytdi.

Eslatib o‘ramiz, «Kursiv» Jorjina Rodriges va Ronalduning to‘yida kimlar qatnashgani haqida yozgan edi.

Shuningdek