Li Auto L6 yetkazib berilishi 400 ming donadan oshdi

14-avgust 2026 11:06 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Li Auto L6 yetkazib berilishi 400 ming donadan oshdi
Foto: Li Auto

Xitoyning Li Auto kompaniyasi Li Auto L6 krossoverining jami yetkazib berish hajmi 400 ming donadan oshganini ma’lum qildi. Bu haqda Mydrivers nashri xabar bermoqda.

Model 2024-yil 18-aprelda taqdim etilgan, ilk avtomobillar esa olti kundan so‘ng – 24-aprelda xaridorlarga topshirila boshlagan.

Shu tariqa Li Auto L6 qariyb ikki yilu to‘rt oy ichida 400 minglik marraga yetdi. Ishlab chiqaruvchiga ko‘ra, u 200 ming yuandan qimmatroq, yurish zaxirasi oshirilgan gibrid avtomobillar orasida bu natijaga eng tez erishgan model bo‘ldi.

Li Auto L6 yetkazib berilishi 400 ming donadan oshdi
Foto: Li Auto

Yangi versiya 300 km faqat elektrda yura oladi

Li Auto iyul oyida L6’ning yangilangan versiyasini taqdim etdi. Model Xitoyda yagona komplektatsiyada 249,8 ming yuan narxda taklif qilinmoqda.

Avtomobilning tortish batareyasi sig‘imi 51 kVt/soatgacha oshirilgan. Natijada krossover CLTC sikli bo‘yicha ichki yonuv dvigatelini ishga tushirmasdan 300 kmgacha masofani elektr energiyasida bosib o‘ta oladi.

Li L6 range-extender turidagi kuch qurilmasiga ega. Bunda g‘ildiraklarni asosan elektr motorlari harakatga keltiradi, benzinli dvigatel esa zarurat tug‘ilganda batareyani quvvatlantirish uchun generator vazifasini bajaradi.

Foto: Li Auto

O‘lchami BMW X5 va Porsche Cayenne’ga yaqin

Li L6 kuzovining uzunligi 4 935 mm bo‘lib, o‘lchamlari jihatidan BMW X5 va Porsche Cayenne kabi yirik premium krossoverlarga yaqin.

Yangilangan modelning kuzov va salon dizayni ham qayta ishlangan. Standart jihozlar qatoriga Li Auto tomonidan ishlab chiqilgan 5 nanometrli Mach M100 aqlli boshqaruv chipi kiritilgan.

Kompaniya avtomobilning elektron tizimlari va haydovchiga yordam beruvchi funksiyalariga ham katta e’tibor qaratgan.

To‘rtta lidarli paket ham taklif etiladi

Foto: Li Auto

Xaridorlar qo‘shimcha 30 ming yuan evaziga kengaytirilgan aqlli haydash paketini tanlashi mumkin. U ikkita hisoblash chipi va to‘rtta lidar bilan jihozlanadi.

Yangilangan Li L6 tezkor quvvatlashni ham qo‘llab-quvvatlaydi. Ishlab chiqaruvchi ma’lumotiga ko‘ra, mos quvvatlash stansiyasida batareyani 20 foizdan 80 foizgacha 12 daqiqada to‘ldirish mumkin.

31-avgustgacha avtomobilga buyurtma bergan xaridorlarga umumiy qiymati 28 ming yuangacha bo‘lgan bonuslar taklif qilinmoqda.

Li L6 hozirda kompaniyaning eng ommaviy modellaridan biri hisoblanadi. 400 ming dona yetkazib berish ko‘rsatkichi esa Xitoy bozorida range-extender texnologiyasiga ega yirik krossoverlarga talab yuqoriligicha qolayotganini ko‘rsatmoqda.

Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Li Auto i8 avtomobilining yangi versiyasi taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek