
Motorola kompaniyasi tomonidan Moto G Max smartfoni rasman taqdim etildi. Bu haqda Gizmochina nashri xabar bermoqda.
Yangi model 7000 mA/soat sig‘imli batareya, 120 Hz ekran, Snapdragon 6s Gen 4 protsessori va mustahkamlangan korpus bilan jihozlangan.
Qurilmaning asosiy xususiyatlaridan biri katta sig‘imli kremniy-uglerodli akkumulyator bo‘lib, u 30 Vt quvvatda tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Ekran 120 Hz va Gorilla Glass Ceramic bilan himoyalangan
Moto G Max 6,72 dyuymli FHD+ displey bilan jihozlangan. Ekranning yangilanish chastotasi 120 Hz, yuqori yorqinlik rejimida maksimal yorqinlik esa 1050 nitgacha yetadi.
Smartfonda Water Touch 2.0 texnologiyasi qo‘llanilgan. U displeyga suv tomchilari tushgan holatda ham sensor boshqaruvining aniqligini saqlashga yordam beradi.
Ekranni Corning Gorilla Glass Ceramic himoya oynasi qoplaydi.

Snapdragon 6s Gen 4 va 24 GBgacha virtual xotira
Qurilma Qualcomm Snapdragon 6s Gen 4 protsessori asosida ishlaydi. U LPDDR5X tezkor xotira va UFS 3.1 ichki xotira standarti bilan birga ishlaydi.
Virtual tezkor xotira funksiyasi hisobiga umumiy operativ xotira hajmini 24 GBgacha oshirish mumkin.
Moto G Max Android 16 asosidagi Hello UX interfeysida ishlaydi. Motorola qurilma uchun ikkita yirik Android yangilanishi hamda uch yil davomida xavfsizlik yangilanishlarini taqdim etishni va’da qilgan.
Asosiy kamera Sony sensoriga ega
Smartfonning asosiy kamerasi 50 MP aniqlikdagi Sony LYTIA 600 sensori bilan jihozlangan.
Unga 8 MP ultra keng burchakli kamera hamrohlik qiladi. Selfi va videoqo‘ng‘iroqlar uchun esa 32 MP old kamera o‘rnatilgan.
Moto G Max stereo dinamiklar va Dolby Atmos texnologiyasini ham qo‘llab-quvvatlaydi. Bundan tashqari, Motorola ko‘plab zamonaviy smartfonlarda yo‘qolib borayotgan 3,5 mm audiokonnektorni saqlab qolgan.
7000 mA·soat batareya asosiy ustunliklardan biri
Moto G Max’ga 7000 mA/soat sig‘imli kremniy-uglerodli akkumulyator o‘rnatilgan. Batareya 30 Vt quvvatda zaryadlanadi.
Kremniy-uglerod texnologiyasi ishlab chiqaruvchilarga korpus hajmini keskin oshirmasdan yuqoriroq energiya sig‘imini ta’minlash imkonini beradi.
Motorola aynan uzoq ishlash vaqti, yuqori yangilanish chastotasiga ega ekran hamda nisbatan chidamli korpusni modelning asosiy ustunliklari sifatida ilgari surmoqda.
Korpus IP64 va MIL-STD-810H talablariga javob beradi
Moto G Max korpusi IP64 himoya darajasiga ega. Bu qurilmaning changdan himoyalanganini va suv sachrashlariga bardosh bera olishini anglatadi.
Shuningdek, smartfon MIL-STD-810H standartining ayrim chidamlilik talablariga mos ekani ma’lum qilingan.
Avvalroq «Kursiv» Apple iPhone X modelini eski qurilmalar ro‘yxatiga kiritgani haqida yozgan edi.