O‘zbekistonda «blekaut»: ayrim viloyatlarda «svet» o‘chdi

Qo‘shni mamlakat energetika tizimida yuz bergan avariya Markaziy Osiyo yagona energetika tizimiga ta’sir ko‘rsatdi. Natijada O‘zbekistonning Surxondaryo va boshqa ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatildi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Energetika tizimidagi bunday keng ko‘lamli elektr uzilishi «blekaut» deb ataladi. Ayni damda Surxondaryo va ko‘plab viloyatlarda ham shunga o‘xshash holat kuzatilmoqda.
Elektr bosqichma-bosqich tiklanmoqda
Dispetcherlik xizmatlari ma’lumotiga ko‘ra, yagona energetika tizimida bir necha bosqichli avariyaga qarshi avtomatika tizimi ishga tushgan. Shundan so‘ng respublikaning ayrim hududlarida favqulodda elektr uzilishlari yuz bergan.
Hozirda mutaxassislar nosozlik sabablarini aniqlamoqda. Shu bilan birga, elektr tarmoqlariga navbatma-navbat kuchlanish berish ishlari olib borilmoqda.
Vaziyat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.
Kaktus Media nashriga ko‘ra, ayni vaqtda Qirg‘iziston, Qozog‘iston va Tojikistonda ham elektr uzilish holati kuzatilmoqda.
Eslatib o’tamiz, kecha, 13-avgust kuni Shavkat Mirziyoyevga «Yangiyo‘l tajribasi» asosida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan berilgan axborotda O‘zbekistonda hududlarni yoqilg‘i-energetika resurslari bilan barqaror ta’minlash maqsadida 721 ta mahallada elektr tarmoqlari, 200 ta mahallada esa gaz tarmoqlari yangilanishi haqida aytilgandi.