O‘zbekistonga pul o‘tkazmalari: Qozog‘istondan 28%, AQShdan 19% o‘sdi

2026-yilning yanvar – iyun oylarida O‘zbekistonga xorijdan jami $9,3 mlrd pul o‘tkazmalari kelib tushdi. Markaziy bank sharhida keltirilgan ayrim davlatlar orasida Qozog‘istondan $469 mln, AQSHdan $372 mln, Janubiy Koreyadan $314 mln va Turkiyadan $303 mln mablag‘ yuborilgani qayd etildi.
Hisobotga ko‘ra, yanvar – iyun oylarida xorijdan O‘zbekistonga kelib tushgan pul o‘tkazmalari o‘tgan yilning mos davridagiga nisbatan 13% yoki $1,1 mlrdga oshib, $9,3 mlrdni tashkil etdi. 2025-yilning birinchi yarmida bu ko‘rsatkich $8,2 mlrd bo‘lgan.
Qozog‘iston, AQSh va Janubiy Koreyadan qancha pul yuborildi
Markaziy bankning G‘arb va Osiyoning ayrim mamlakatlari bo‘yicha keltirgan ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning birinchi yarmida Qozog‘istondan O‘zbekistonga $469 mln pul o‘tkazilgan. Bir yil avval bu ko‘rsatkich $366 mln edi.
AQShdan kelgan pul o‘tkazmalari $313 mln dan $372 mln gacha oshdi. Markaziy bank hisob-kitobiga ko‘ra, AQShdan yuborilgan mablag‘lar hajmi bir yilda 19% ko‘paygan.

Janubiy Koreyadan kelib tushgan pul o‘tkazmalari $282 mln dan $314 mln gacha, Turkiyadan esa $266 mln dan $303 mln gacha oshgan.
Buyuk Britaniyadan pul o‘tkazmalari 62% oshdi
Eng yuqori o‘sish sur’atlaridan biri Buyuk Britaniya hissasiga to‘g‘ri keldi. Bu mamlakatdan O‘zbekistonga yuborilgan mablag‘lar $89 mln dan $144 mln gacha oshib, o‘sish 62 foizni tashkil etdi.
Yevropa Ittifoqi mamlakatlaridan kelgan pul o‘tkazmalari esa 27 foizga ko‘payib, $251 mln dan $319 mln ga yetdi. Xususan, Irlandiyadan o‘tkazmalar 86%, Litvadan 18% va Niderlandiyadan 7% oshgan.
Markaziy bank ushbu o‘sishni tashqi mehnat migratsiyasi geografiyasining kengayib borayotgani bilan ham bog‘lamoqda. Hozir o‘zbekistonliklar an’anaviy yo‘nalishlar – Rossiya, Qozog‘iston, Janubiy Koreya va Turkiya bilan bir qatorda Yevropa hamda boshqa mamlakatlarda ham faol ishlamoqda.

Pulning yarmidan ko‘pi kartalarga to‘g‘ridan to‘g‘ri kelgan
Birinchi yarim yillikda O‘zbekistonga kelib tushgan mablag‘larning $4,8 mlrd yoki 51,7 foizi xorijdan jismoniy shaxslarning bank kartalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri P2P o‘tkazmalari orqali yuborilgan. Bu ko‘rsatkich bir yil ichida 32% oshgan.
Yana $4,3 mlrd yoki 46,7% mablag‘ an’anaviy xalqaro pul o‘tkazma tizimlari orqali kelgan. SWIFT orqali jismoniy shaxslarga yuborilgan mablag‘lar esa $142 mlnni tashkil qilgan.
Eslatib o‘tamiz, 2026-yilning dastlabki olti oyida O‘zbekiston fuqarolarining Rossiyaga mehnat faoliyati uchun kirishlari o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13,2 foizga qisqardi. Statistikaga ko‘ra, pasayishga qaramay, Rossiyaga ishlash maqsadida eng ko‘p kirayotgan xorijliklar orasida O‘zbekiston fuqarolari yetakchilikni saqlab qolgan.