
Samsung Galaxy smartfonlarida Quick Share orqali fayl yuborishning yangi usuli paydo bo‘ladi. Bu haqda Sammobile nashri xabar bermoqda.
Tap to Share deb nomlangan funksiya yordamida foydalanuvchilar ikki Galaxy qurilmasini bir-biriga tekkizish orqali fotosurat, video, kontakt, havola va boshqa ma’lumotlarni uzata oladi.
Yangi imkoniyat dastlab Galaxy Z Fold 8 Ultra, Galaxy Z Fold 8 va Galaxy Z Flip 8 modellarida ishga tushirilishi kutilmoqda. Keyinchalik esa Android 17 asosidagi One UI 9 tizimiga yangilangan boshqa Galaxy qurilmalariga ham tarqatiladi.
Fayl yuborish uchun telefonlarni tekkizish kifoya
Tap to Share funksiyasi Quick Share tizimiga integratsiya qilinadi. Bosh ekranda turgan ikki qurilma bir-biriga tekkizilganda kontakt ma’lumotlarini uzatish mumkin bo‘ladi.
Fotosurat, video yoki boshqa fayl yuborishda esa foydalanuvchi avval kerakli kontentni ochib, «Share» tugmasini bosadi. Shundan so‘ng ikki qurilmani bir-biriga tekkizish orqali fayl uzatish jarayoni boshlanadi.
Mazkur mexanizm Google Pixel smartfonlaridagi Tap to Share funksiyasiga o‘xshash ishlaydi. Pixel 11 seriyasi ushbu imkoniyatni olgan dastlabki qurilmalar qatoriga kirdi.
Eski Galaxy modellari One UI 9’ni kutadi
Galaxy Z Fold 8 Ultra, Fold 8 va Flip 8’dan oldingi Samsung qurilmalarida Tap to Share ishlashi uchun, avvalo, Android 17 va One UI 9 yangilanishi o‘rnatilishi kerak bo‘ladi.
One UI 9 hozirda Galaxy S26 seriyasida beta-sinovdan o‘tkazilmoqda. Keyinchalik sinov dasturini boshqa modellarga ham kengaytirish rejalashtirilgan.
Barqaror One UI 9 yangilanishining tarqatilishi sentabrdan oldin boshlanishi kutilmayapti. Shu sababli eski Galaxy qurilmalari egalari Tap to Share funksiyasini biroz keyinroq olishi mumkin.
Funksiya avval One UI 9 dasturiy ta’minotida aniqlangan
Tap to Share funksiyasining dastlabki izlari avvalroq Galaxy S26 seriyasi uchun sizdirilgan One UI 9 dasturiy ta’minotida aniqlangan edi. Shundan so‘ng yangi bukiluvchi Galaxy smartfonlari ushbu imkoniyat bilan darhol sotuvga chiqishi taxmin qilingan.
Biroq Galaxy Z Fold 8 Ultra, Fold 8 va Flip 8 Android 17 bilan taqdim etilganiga qaramay, Tap to Share hozircha ularda mavjud emas. Samsung va Google funksiyani yaqin vaqt ichida faollashtirishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Samsung Galaxy S26 uchun One UI 9.5 qachon chiqishi haqida yozgan edi.