Surxondaryoning elektr ta’minoti to‘liq tiklandi

Energotizimdagi avariya sabab Surxondaryo viloyatida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan. Hozirda hududda elektr to‘liq tiklangan, deya xabar berdi Energetika vazirligi.
Soat 14:38 da Markaziy Osiyo yagona energetika tizimida avariyali holat yuzaga kelgan. Natijada O‘zbekiston va qo‘shni davlatlarning ayrim hududlarida elektr ta’minotida uzilishlar kuzatilgan.
Yirik energetika tizimlarida elektr stansiyalari yoki uzatish tarmoqlarining avariyaviy o‘chishi ishlab chiqarish va iste’mol o‘rtasidagi muvozanat buzilishiga olib kelishi mumkin. Bunday holatda avariya kengayib, tizimli uzilish – blekaut yuzaga kelish xavfi mavjud.
Avariyaga qarshi avtomatika ishga tushgan
«O‘zbekiston milliy elektr tarmoqlari» kompaniyasining elektr tarmoqlari va podstansiyalarida o‘rnatilgan avariyaga qarshi avtomatika tizimlari o‘z vaqtida ishlagan.
Bu tizimlar avariyaning respublika energotizimi bo‘ylab kengayib ketishining oldini olishga yordam bergan.
Shuningdek, energotizimda qisqa vaqt ichida yo‘qolgan quvvatni qoplashda energiya saqlash tizimlari (BESS)dagi zaxira energiyaning tarmoqqa tezkor uzatilishi muhim rol o‘ynagan.
Surxondaryoda ta’minot nega uzildi
Surxondaryo viloyati elektr energiyasi bilan, asosan, ikkita 500 kV kuchlanishli elektr uzatish tarmog‘i orqali ta’minlanadi. Ulardan biri qo‘shni davlat hududidan, ikkinchisi Qashqadaryo viloyati orqali elektr energiyasini yetkazib beradi.
Avariya vaqtida ushbu tarmoqlardan birida rejali ta’mirlash ishlari olib borilayotgan edi. Shu sababli qo‘shni davlat tomonidan elektr energiyasi keladigan tarmoqdagi uzilish viloyat ta’minotini qisqa vaqt ichida to‘liq tiklash imkonini cheklagan.
Elektr ta’minoti qayta tiklandi
Tezkor choralar natijasida rejali ta’mirda bo‘lgan 500 kVli elektr uzatish tarmog‘i xavfsizlik talablariga muvofiq ishga tayyor holatga keltirilib, qayta ishga tushirilgan.
Natijada Surxondaryo viloyatida elektr ta’minoti bosqichma-bosqich to‘liq tiklangan.
Energetika sohasiga so‘nggi yillarda kiritilgan investitsiyalar, xususan, energiya saqlash va avariyaga qarshi avtomatika tizimlarining joriy etilishi bunday holatlarda energotizim barqarorligini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Surxondaryo viloyatida elektr ta’minoti 80 foizga tiklangani haqida yozgandi.