
Toyota’ning GAZOO Racing bo‘linmasi yangilangan Toyota GR86 sportkarini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy saytida ma’lum qilindi.
Yaponiyada avtomobilga buyurtmalar 2026-yil 28-avgustdan boshlab Toyota dilerlik markazlarida qabul qilinadi. Yangilangan GR86’ning savdoga chiqishi ham aynan Yaponiya bozoridan boshlanadi.
Boshqaruv tizimi qayta sozlandi
Yangilanish doirasida GR86’ning drossel boshqaruvi, rul kuchaytirgichi va uzatmalarni almashtirish tizimi takomillashtirildi. Toyota muhandislari va professional sinov haydovchilari avtomobilni poyga trassalari hamda maxsus poligonlarda sinovdan o‘tkazgan.

Kompaniyaga ko‘ra, o‘zgarishlar natijasida avtomobilning manevrchanligi, rul boshqaruvidagi aniqligi va haydovchi buyruqlariga javob berish tezligi yaxshilangan. Rul tizimidagi yangi sozlamalar yuqori tezlikdagi burilishlarda avtomobilni belgilangan trayektoriyada barqarorroq ushlab turishga xizmat qiladi.
Shuningdek, GR86 Cup Car poyga versiyasi uchun avtomatik uzatmalar qutisi ham taklif etila boshlandi.
EyeSight endi uchta kamera bilan ishlaydi
GR86’ning haydovchiga ko‘maklashuvchi EyeSight xavfsizlik tizimi ham yangilandi. Endilikda u uchta kamera yordamida ishlaydi.
Qo‘shimcha kamera tizimning ko‘rish maydonini kengaytirib, yo‘ldagi vaziyatni aniqlash imkoniyatlarini oshiradi. Shu orqali avtomobilning faol xavfsizlik funksiyalari yanada samarali ishlashi ko‘zda tutilgan.
Modelning RZ komplektatsiyasi saloniga ham o‘zgartirishlar kiritilgan. Bundan tashqari, Toyota GR86 uchun Solid Gray kuzov rangini yana qaytardi.
GR86 savdosi 110 ming donaga yetdi
Hozirgi avlod Toyota GR86 2021-yilda bozorga chiqarilgan. Shundan buyon dunyo bo‘yicha modelning qariyb 110 ming donasi sotilgan.
Bu natija GR86’ni Toyota GAZOO Racing oilasidagi eng ommabop modellardan biriga aylantirgan.
Eslatib o‘tamiz, «Kursiv» Esteo V27 avtomobili sotuvga chiqqani haqida yozgan edi.