Uchtepada uy boshqaruvi nomidan 574,6 mln so‘m olingani aniqlandi

eʼlon qilindi
Hozirda ish doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda
Uchtepada uy boshqaruvi nomidan 574,6 mln so‘m olingani aniqlandi
Foto: Pexels

Toshkent shahrining Uchtepa tumanida o‘zlarini ko‘p qavatli uy boshqaruv organi rahbari sifatida ko‘rsatib, fuqarolarning 574,6 mln so‘mini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritganlikda gumon qilinayotgan ikki shaxs aniqlandi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament ma’lum qildi.

O‘zlarini uy boshqaruvi rahbari sifatida tanishtirishgan

Departamentning Uchtepa tumani bo‘limi tomonidan o‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruv davomida ikki nafar fuqaroning harakatlari o‘rganilgan.

Aniqlanishicha, ular o‘zlarini «Vatanparvar» mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 29-sonli uyning boshqaruv organi rahbari sifatida ko‘rsatgan.

Shundan so‘ng mazkur ko‘p qavatli uyda yashovchi fuqarolardan turli to‘lovlar uchun pul mablag‘lari yig‘ilgan.

Zarar 574,6 mln so‘mni tashkil qilgan

Tergovga qadar tekshiruv ma’lumotlariga ko‘ra, ular shu yo‘l bilan fuqarolardan jami 574,6 mln so‘mni firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritgan.

Departament xabarida mablag‘lar aynan qanday maqsadlar uchun yig‘ilgani va jabrlanuvchilar soni haqida qo‘shimcha ma’lumot berilmagan.

Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi – firibgarlik bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Hozirda ish doirasida tergov harakatlari olib borilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» terroristik tashkilotlar bilan aloqa qilgan shaxs 10 yilga qamalgani haqida yozgan edi.

Shuningdek