Uy-joyni ommaviy baholash aholi va biznesga nima beradi — vazir o‘rinbosari izoh berdi

Ko‘chmas mulkni ommaviy baholash aholiga uy-joyining bozorga yaqin qiymatini bilish, uni sotish, garovga qo‘yish va sug‘urtalashda iqtisodiy mo‘ljal olish imkonini beradi. Biznes esa obyektlar qiymati haqidagi ma’lumotlardan kredit olish, investitsiyalarni rejalashtirish va yangi loyihalar uchun hudud tanlashda foydalanishi mumkin. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Axadbek Xaydarov Toshkent shahridagi ko‘chmas mulk obyektlarini ommaviy baholashning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumanida ma’lum qilindi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Xaydarovning tushuntirishicha, ommaviy baholashda har bir ko‘chmas mulk obyektiga alohida baholovchi yuborilmaydi. Ko‘p sonli obyektlarning qiymati yagona metodologiya, bozor ma’lumotlari va matematik modellar asosida hisoblanadi.
Baholashda obyektning joylashuvi, maydoni, qurilgan yili, bino turi va texnik xususiyatlari bilan birga uning metro, jamoat transporti bekatlari, asosiy yo‘llar, maktab, bog‘cha va tibbiyot muassasalariga yaqinligi ham hisobga olinadi. Muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlari bilan ta’minlanganlik darajasi ham qiymatga ta’sir qiluvchi omillar qatoriga kiradi.
Ommaviy baholash uy yoki kvartiraning sotuv narxi emas
Vazir o‘rinbosari ommaviy baholash natijasini ko‘chmas mulkning sotuv narxi sifatida qabul qilmaslik kerakligini ta’kidladi.
Sotuv narxi xaridor va sotuvchi o‘rtasidagi kelishuv asosida shakllanadi hamda talab va taklif, bitim muddati va boshqa sharoitlarga qarab o‘zgarishi mumkin.
«Ommaviy baholashning vazifasi narxni belgilab berish emas, balki barcha uchun yagona usulda hisoblangan, shaffof, o‘zaro solishtirish mumkin bo‘lgan va bozorga yaqin qiymat mo‘ljalini shakllantirishdan iborat», – dedi u.
Aholi o‘z uyining iqtisodiy qiymatini biladi
Xaydarovning so‘zlariga ko‘ra, tizimning aholi uchun asosiy afzalliklaridan biri fuqaroning o‘z ko‘chmas mulki qiymati haqida tushunarli ma’lumotga ega bo‘lishi.
Shuningdek, ipoteka va kredit munosabatlarida fuqaro hamda bank obyekt qiymati bo‘yicha yagona axborot manbasiga ega bo‘ladi. Shu bilan birga, zarur holatlarda banklarning mustaqil baholash talab qilish huquqi saqlanib qoladi.
«Fuqaro o‘z mulkining iqtisodiy qiymati haqida ishonchli va tushunarli axborotga ega bo‘ladi. Bu unga uy-joyini sotish, garovga qo‘yish, sug‘urtalashda aniqroq iqtisodiy mo‘ljal beradi», – dedi Xaydarov.
Ommaviy baholash davlat va jamoat ehtiyojlari uchun ko‘chmas mulk olib qo‘yilgan holatlarda ham mulkdorga obyektining taxminiy qiymati bo‘yicha mo‘ljal beradi. Yakuniy kompensatsiya esa amaldagi qonunchilik asosida belgilanadi.
Biznes investitsiya uchun hududlarni solishtira oladi
Ommaviy baholash faqat kvartira va hovli-joylarni qamrab olmaydi. Tizim ishlab chiqarish binolari, ofislar, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektlari, omborlar, mehmonxonalar hamda boshqa noturar ko‘chmas mulklarga ham tatbiq etiladi.
Xaydarovning aytishicha, Toshkent shahridagi noturar joy obyektlarini baholash jarayoni ham yakunlanish arafasida. Bunday ma’lumotlar tadbirkorlarga o‘z aktivlarini boshqarish, ko‘chmas mulkdan kredit garovi sifatida foydalanish va yangi investitsiyalarni rejalashtirishda yordam berishi mumkin.
«Investor qaysi hududda ishlab chiqarish, savdo va xizmat ko‘rsatish obyektini joylashtirish maqsadga muvofiqligini aniqroq baholash va qaror qabul qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi», – dedi vazir o‘rinbosari.
Uning tushuntirishicha, bir xil tannarxda qurilgan obyektlarning bozor qiymati Toshkentning turli tumanlarida keskin farq qilishi mumkin. Ommaviy baholash axborot tizimi biznesga ana shu farqlarni oldindan ko‘rish imkonini beradi.
Bank va investorlar uchun qo‘shimcha axborot manbai yaratiladi
Ko‘chmas mulk qiymati bo‘yicha tizimli ma’lumotlarning mavjudligi banklar va investorlar uchun ham qo‘shimcha axborot manbai bo‘ladi.
Bu kredit berish yoki investitsiya kiritishdagi xatarlarni baholashga yordam berishi mumkin. Hududlar kesimida ko‘chmas mulk qiymatining o‘zgarishi esa qayerda iqtisodiy faollik va investitsiya talabi oshayotganini ko‘rsatuvchi indikator sifatida foydalanilishi ko‘zda tutilmoqda.
«Qaysidir hududlarda ko‘chmas mulk, noturar ham, turar ham tez o‘sib ketadi. Bu bizning axborot tizimimizda ko‘rinib turadi. Bu tadbirkorlarimiz va investorlarimiz uchun juda muhim ma’lumot bazasiga aylanadi», – dedi Xaydarov.
Davlat ko‘chmas mulk qiymati xaritasini shakllantiradi
Ommaviy baholash davlatga ham ko‘chmas mulk bozori haqida tizimli ma’lumot olish imkonini beradi. Xususan, davlat tasarrufidagi bino, inshoot va yer uchastkalarining qiymatini aniqlash ularni ijaraga berish, xususiylashtirish yoki davlat-xususiy sheriklik loyihalariga jalb etishda asosli qarorlar qabul qilishga yordam berishi mumkin.
Kelgusida mamlakat bo‘yicha ko‘chmas mulk qiymati xaritasini shakllantirish ham rejalashtirilgan. U orqali qaysi hududlar tez rivojlanayotgani, qayerda iqtisodiy faollik pastligi va qaysi joylarda qo‘shimcha transport yoki ijtimoiy infratuzilma zarurligini kuzatish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkentdagi qaysi hududlarda uylar kadastr qiymatidan yuqori baholanayotgani haqida ma’lumot berilgandi.