Xitoy bir oyda 1 mlndan ortiq avtomobil eksport qildi

14-avgust 2026 13:38 eʼlon qilindi

(14-avgust 2026 21:40 yangilandi)
Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xitoy bir oyda 1 mlndan ortiq avtomobil eksport qildi
Foto: Kursiv Media

Xitoy xorijga 1,043 mln dona avtomobil yetkazib berdi. Bu o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 81,3 foizga ko‘p, deya xabar bermoqda China Daily.

Eksportning yarmidan ko‘pi elektromobil va gibridlarga to‘g‘ri keldi

Xitoy avtomobil eksportidagi o‘sishning asosiy omillaridan biri yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar – NEV segmenti bo‘ldi. Ushbu toifaga elektromobillar va gibridlar kiradi.

Iyul oyida Xitoy xorijga 553 ming dona NEV avtomobili yetkazib berdi. Bu iyun oyiga nisbatan 5,7 foiz, 2025-yil iyuliga nisbatan esa 145,5 foizga ko‘p.

Natijada elektromobillar va gibridlar ketma-ket ikkinchi oy Xitoyning umumiy avtomobil eksportining yarmidan ko‘prog‘ini tashkil etdi.

Ikkinchi oy ketma-ket eksport 1 mln donadan oshdi

Xitoy avtomobillarining xorijiy bozorlarga yetkazib berilishi so‘nggi oylarda keskin tezlashdi. Aprel va may oylarida mamlakat har oy 900 mingdan ortiq avtomobil eksport qilgan. Iyun oyida esa oylik eksport tarixda ilk bor 1 mln donadan oshdi.

Iyul oyida ham ushbu ko‘rsatkich 1 mln donadan yuqori darajada saqlanib, 1,043 mln avtomobilga yetdi.

Yarim yilda 3,38 mln avtomobil eksport qilindi

2026-yilning dastlabki olti oyida Xitoy jami 3,381 mln dona avtomobilni xorijga yetkazib berdi. Bu 2025-yilning mos davridagiga nisbatan 48,1 foizga ko‘p. Shundan 1,135 mln donasi yangi energiya manbalarida harakatlanuvchi avtomobillar hissasiga to‘g‘ri kelgan. Ushbu segment eksporti bir yil ichida 59,4 foizga oshgan.

Avvalroq «Kursiv» Li Auto L6 yetkazib berilishi 400 ming donadan oshgani haqida yozgan edi.

Shuningdek