Xorijda ishlayotgan o‘zbekistonliklarga 570 ming dollar undirib berildi

2026-yilning dastlabki yetti oyida Migratsiya agentligi xorijda ishlayotgan 622 nafar o‘zbekistonlikning murojaatini ko‘rib chiqib, chet ellik ish beruvchilardan ular foydasiga jami $570 ming miqdorida ish haqi va kompensatsiyalarni undirib berdi.
Agentlik ma’lumotiga ko‘ra, yil boshidan buyon xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarning ish haqi, hujjatlari va ish bilan bog‘liq muammolari bo‘yicha murojaatlari ko‘rib chiqilgan.
Natijada 622 nafar fuqaro foydasiga jami $570 ming mablag‘ xorijiy ish beruvchilardan undirib berildi.
Eng ko‘p holat Rossiyada qayd etilgan
Ish haqi va kompensatsiyalarni undirish bilan bog‘liq 375 ta holat Rossiyaga to‘g‘ri kelgan.
Turkiyada 129 ta, Janubiy Koreyada 85 ta, boshqa davlatlarda esa 33 ta shunday holat bo‘yicha fuqarolarga yordam ko‘rsatilgan.
383 nafar fuqaroning hujjatlari qaytarildi
Shuningdek, Migratsiya agentligi 383 nafar o‘zbekistonlikning shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarini vositachilar va xorijiy ish beruvchilardan qaytarib olishga yordam berdi.
Shundan 185 ta holat Turkiyada, 182 ta Rossiyada, 11 ta Qozog‘istonda va 5 ta Janubiy Koreyada qayd etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya migrantlar uchun daromad solig‘ini 30 foizga oshirmoqchi ekanligi haqida xabar berilgandi. Soliq to‘lamagan migrantlarni esa mamlakatdan chiqarib yuborish taklif etilmoqda.