Yangihayotda 144 ta ko‘chmas mulk uchun soliq qayta hisoblandi

Toshkent shahrining Yangihayot tumanida 144 ta ko‘chmas mulk obyekti bo‘yicha yer va mol-mulk soliqlari qayta hisoblandi. Soliq qo‘mitasi bunga Yuksalish ko‘chasi joylashgan hududning soliq zonasi o‘zgargani sabab bo‘lganini ma’lum qildi.
Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda tumandagi qarzdorligi bo‘lmagan 3,6 mingga yaqin xonadonga soliq qarzi chiqarilgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
Hudud 5-zonadan 4-zonaga o‘tkazilgan
Qo‘mita izohiga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyektlari uchun yer va mol-mulk solig‘i kadastr organlari taqdim etadigan ma’lumotlar asosida hisoblanadi.
Toshkent shahar hokimining 2023-yil 3-martdagi qaroridan keyin poytaxtdagi soliq zonalari chegaralari qayta ko‘rib chiqilgan. Natijada kadastr idoralari Yangihayot tumanidagi Yuksalish ko‘chasi hududini 5-zonadan 4-zonaga o‘tkazgan.
Shundan so‘ng ushbu hududdagi obyektlar uchun yer solig‘i 2023-yildan boshlab 4-zonaga tegishli stavkalar asosida qayta hisoblangan.
Qayta hisob-kitob 144 ta obyektni qamrab oldi
Soliq qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, o‘zgarish Yangihayot tumanining Xushnud mahallasida joylashgan jami 144 ta ko‘chmas mulk obyektiga taalluqli bo‘lgan.
Bundan tashqari, ko‘chmas mulklarni xatlovdan o‘tkazish jarayonida soliq organlariga har oy o‘rtacha 50 mingga yaqin obyekt bo‘yicha yangi yoki aniqlashtirilgan ma’lumotlar kelib tushmoqda. Shu sababli ayrim obyektlar bo‘yicha soliqlarni qayta hisoblash muntazam yuz beradigan jarayon ekani qayd etildi.
Qo‘mita mazkur hisob-kitoblar amaldagi soliq qonunchiligi asosida amalga oshirilganini bildirdi.
Yer va mol-mulk soliqlaridan tushgan mablag‘lar tumanlarning mahalliy budjetlarida qolib, hudud infratuzilmasini rivojlantirish, obodonlashtirish va ijtimoiy loyihalarni moliyalashtirishga yo‘naltiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentdagi qaysi hududlarda uylar kadastr qiymatidan yuqori baholanayotgani haqida yozgandi.