Yaponiyada rekord yomg‘irlar: to‘rt kishi halok bo‘ldi

eʼlon qilindi
Qariyb 230 ming aholiga xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tish tavsiya qilingan
Yaponiyada rekord yomg‘irlar: to‘rt kishi halok bo‘ldi
Foto: Kota Endo/Kyodo News/AP

Yaponiyaning Tokio bilan chegaradosh Tiba prefekturasida yomg‘irlar oqibatida kamida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana bir kishi bedarak yo‘qolgan. Bu haqda BBC xabar berdi.

Yaponiya meteorologiya agentligi (JMA) Tiba hududida kuchli yomg‘ir, ko‘chki va suv toshqini xavfi sabab eng yuqori darajadagi ogohlantirishni e’lon qilgan edi. 14-avgust tongida yog‘ingarchilik biroz susaygach, ogohlantirish darajasi pasaytirildi, biroq mutaxassislar xavf to‘liq bartaraf etilmaganini bildirdi.

Qariyb 230 ming kishiga xavfsiz joyga ketish tavsiya qilindi

Tiba prefekturasi ma’muriyati ma’lumotlariga ko‘ra, qariyb 230 ming aholiga xavfsiz hududlarga ko‘chib o‘tish tavsiya qilingan. Kuchli yomg‘ir natijasida 80 dan ortiq uy suv ostida qolgan.

Ayrim shaharlarda yog‘ingarchilik rekord ko‘rsatkichlarga yetdi. Tiba shahrida bir soat ichida 115 mm, Sakura shahrida esa 97 mm yomg‘ir yog‘gan. Meteorologlar hududda ilgari kuzatilmagan darajadagi kuchli yog‘ingarchilik qayd etilganini ma’lum qildi.

Suv toshqinlari avtomobil yo‘llarini qoplab, transport vositalarining suv ostida qolishiga sabab bo‘ldi. Qutqaruvchilar suv bosgan hududlarda qolib ketgan aholini evakuatsiya qilish ishlarini davom ettirmoqda.

O‘n minglab uy elektrsiz qoldi

Kuchli yog‘ingarchilik elektr ta’minoti tizimiga ham jiddiy zarar yetkazdi. Tabiiy ofat avjiga chiqqan paytda 68 mingga yaqin xonadon elektr energiyasiz qolgan. 14-avgust tongiga kelib bu ko‘rsatkich 23 ming atrofida bo‘lgan.

Elektr uzilishlarining asosiy qismi Tiba prefekturasiga to‘g‘ri kelmoqda. Kommunal xizmatlar elektr ta’minotini bosqichma-bosqich tiklash ustida ishlamoqda.

Minglab yo‘lovchilar aeroport va vokzallarda qolib ketdi

Tabiiy ofat temiryo‘l va aviatsiya qatnoviga ham ta’sir ko‘rsatdi. Kuchli yomg‘ir sabab Tokioning asosiy xalqaro aeroportlaridan biri bo‘lgan Narita aeroportini shahar bilan bog‘lovchi ayrim transport yo‘nalishlari to‘xtatilgan va minglab yo‘lovchilar tunni aeroportda o‘tkazishga majbur bo‘lgan.

Shuningdek, Soga temiryo‘l stansiyasida qariyb 4 ming kishi qolib ketgan. Yaponiya Quruqlikdagi o‘zini o‘zi mudofaa qilish kuchlari ularni olib chiqish uchun avtobuslar yuborgan. Juma tongida ayrim poyezd qatnovlari tiklana boshlagan, biroq bir qator yo‘nalishlarda kechikishlar saqlanib qolgan.

Narita aeroportidagi aviareyslarning asosiy qismi 14-avgust kuni odatdagi tartibda bajarilishi rejalashtirilgan.

Yomg‘ir yana kuchayishi mumkin

JMA kuchli yog‘ingarchilikning asosiy sababini Yaponiyaning sharqiy qismiga kirib kelgan issiq va nam havo yuqori qatlamlardagi sovuq havo bilan to‘qnashib, atmosferani keskin beqarorlashtirgani bilan izohlamoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Yaponiyadagi 7,1 magnitudali zilzila oqibatida 13 kishi halok bo‘lgani haqida yozgan edi.

Shuningdek