ChatGPT otasi 8 yoshli bolasini o‘ldirishni rejalashtirganini aniqladi

eʼlon qilindi
Bosh muharrir o‘rinbosari
Erkak farzandi ta’minoti uchun pul to‘lashdan qochish maqsadida shunday reja tuzgan
Foto: depositphotos.com

Braziliyada 36 yoshli erkakning ChatGPT bilan muloqoti uning sakkiz yashar o‘g‘liga zarar yetkazishni rejalashtirayotganini aniqlashga yordam berdi. OpenAI xavfsizlik tizimi xavfni qayd etgach, kompaniya FBI’ga xabar bergan, ma’lumot keyinchalik Braziliya huquqni muhofaza qiluvchi organlariga yetkazilgan. Bu haqda Bild xabar berdi.

OpenAI FBIga xabar bergan

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Braziliyaning Espirito-Santo shtatida yashovchi 36 yoshli fermer bir necha hafta davomida ChatGPT bilan muloqot qilgan. U o‘g‘liga zarar yetkazish, o‘z joniga qasd qilish hamda boshqa zo‘ravonlik harakatlari bilan bog‘liq fikrlarni muhokama qilgan.

U yozgan so‘zlar ChatGPT xavfsizlik tizimida ogohlantirishga sabab bo‘lgan. Shundan so‘ng OpenAI ma’lumotni AQSh Federal qidiruv byurosiga – FBI’ga taqdim etgan. FBI Braziliya rasmiylari bilan bog‘langan va ma’lumot 16-iyun kuni mamlakat Adliya vazirligi tarkibidagi Kiberoperatsiyalar laboratoriyasi – Ciberlab’ga yetib borgan.

Uch kundan so‘ng 19-iyun kuni politsiya erkakni San-Gabriel-da-Palya hududida hibsga olgan. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, ehtimoliy jinoyat 20-iyunga rejalashtirilgan, ya’ni gumondor undan bir kun avval qo‘lga olingan.

Tintuv vaqtida uning uyidan tarkibi aniqlanmagan to‘rtta idish va arqon topilgan. Shuningdek, telefon ekspertizaga yuborilgan. Tergovchilar erkakning yozishmalarda tilga olgan rejalari amalda qanchalik uzoqqa borganini aniqlashga harakat qilmoqda.

Politsiya ma’lumotlariga ko‘ra, erkak farzandi ta’minoti uchun pul to‘lashdan qochish maqsadida shunday reja tuzgan.

Gumondor 54 kundan keyin ozod qilindi

Erkak dastlab ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olingan. Biroq 13-avgust kuni sud tergovning cho‘zilib ketganini inobatga olib, 54 kunlik hibsdan so‘ng uni ozod qilishga qaror qilgan.

Endi gumondor elektron braslet taqishi shart. Shuningdek, unga sakkiz yashar o‘g‘li va bolaning onasiga yaqinlashish hamda ular bilan aloqa qilish taqiqlangan. Erkakning advokati esa ChatGPT bilan yozishmalarning o‘zi jinoyat sodir etilganini isbotlash uchun yetarli emasligini ta’kidlamoqda.

Bild ma’lumotiga ko‘ra, Braziliya Adliya vazirligi ushbu holatni mamlakatda sun’iy intellekt tizimi ehtimoliy jinoyat haqida ogohlantirgan holatlar orasidagi eng jiddiy voqea deb baholagan. Bu Braziliyada sun’iy intellekt kompaniyasi ehtimoliy jinoyat haqida rasmiylarga signal bergan uchinchi holat bo‘lgan.

OpenAI’ning amaldagi xavfsizlik siyosatiga ko‘ra, foydalanuvchining yozishmalarida boshqa shaxslarga nisbatan yaqin va ishonchli jismoniy zarar xavfi aniqlansa, bunday holatlar qo‘shimcha tekshiruvdan o‘tkaziladi va zarur vaziyatlarda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborilishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan OpenClaw asoschisi Piter Shtaynberger OpenAI jamoasiga qo‘shilgani haqida xabar bergan edi. O‘shanda ochiq kodli sun’iy intellekt agentlaridan foydalanish bilan bog‘liq xavfsizlik xatarlari ham qayd etilgan edi.

Shuningdek