«O‘zmetkombinat» 224,5 mlrd so‘mni dividendga yo‘naltirishi mumkin

«O‘zmetkombinat» AJ Kuzatuv kengashi kompaniyaning 2025-yildagi sof foydasining 79 foizini oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlarga yo‘naltirishni tavsiya qilgan. Har bir oddiy aksiya uchun 378,17 so‘m, imtiyozli aksiya uchun esa 300 so‘m dividend taklif etilgan.
Dividendlarga 224,5 mlrd so‘m yo‘naltirilishi mumkin
Korporativ axborot yagona portalida e’lon qilingan ma’lumotga ko‘ra, «O‘zmetkombinat» Kuzatuv kengashi sof foydani taqsimlash bo‘yicha tavsiyani 2026-yil 8-iyun kuni qabul qilgan. Yig‘ilish bayonnomasi 18-iyunda rasmiylashtirilgan, ma’lumot esa portalda 14-avgust kuni oshkor qilingan.
Kuzatuv kengashi oddiy aksiyalarning har biri uchun 378,17 so‘mdan dividend to‘lashni taklif qilgan. Bu aksiya nominal qiymatining 7,5 foiziga teng. Imtiyozli aksiyalar bo‘yicha esa har bir qimmatli qog‘oz uchun 300 so‘m yoki nominal qiymatning 6 foizi miqdorida dividend tavsiya etilgan.
Oddiy aksiyalar bo‘yicha dividendlarning umumiy summasi qariyb 224,5 mlrd so‘mni tashkil qiladi. Bu «O‘zmetkombinat»ning 2025-yilda olgan 284,1 mlrd so‘mlik sof foydasining 79 foiziga teng.
Aksiyalar qancha turadi
«Toshkent» respublika fond birjasi ma’lumotlariga ko‘ra, 14-avgust kuni «O‘zmetkombinat»ning oddiy aksiyalari bo‘yicha so‘nggi bitim bir dona aksiya uchun 6,4 ming so‘mdan amalga oshirilgan.
Shu narxdan kelib chiqilsa, Kuzatuv kengashi tavsiya qilgan 378,17 so‘mlik dividend oddiy aksiyaning so‘nggi bozor narxiga nisbatan qariyb 5,9% dividend daromadliligini beradi.
Kompaniyaning imtiyozli aksiyalari bo‘yicha 14-avgustdagi so‘nggi bitim narxi 3,65 ming so‘m bo‘lgan. Tavsiya etilgan 300 so‘mlik dividendni so‘nggi bitim narxiga solishtirganda, dividend daromadliligi qariyb 8,2 foizni tashkil etadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «O‘zmetkombinat» aksiyalari yil boshidan beri ikki barobardan ko‘proq qimmatlashgani haqida xabar bergan edi.