«Sochiz zor chiqibdi»: muxlislar Ronalduning imijini qanday baholadi

15-avgust 2026 17:17 eʼlon qilindi

Vadim Yerzikov

Vadim Yerzikov

Bosh muharrir o‘rinbosari v.erzikov@kursiv.media
Foto: Instagram/ @cristiano

Krishtianu Ronaldu «Al-Nasr» mashg‘ulotlariga yangi imijda qaytib, muxlislar orasida katta muhokamaga sabab bo‘ldi. Futbolchining Instagram’dagi suratlari 15-avgust kuni soat 16:30 holatiga ko‘ra 11,5 mln layk yig‘gan, izohlarda esa uning yangi soch rangi haqida yuzlab fikrlar bildirilgan.

Muxlislar Ronalduning qaytishini qanday qarshi oldi

41 yoshli portugaliyalik futbolchi «Al-Nasr» safidagi mashg‘ulotlarga qaytgach, Instagram sahifasiga yangi suratlarini joylashtirib, postga «Back» («Qaytdim») deb yozdi. Ronaldu odatdagi to‘q rangli sochini o‘zgartirib, uni mis-qizg‘ish tusga bo‘yagan.

Yangi imij ijtimoiy tarmoqlarda turlicha kutib olindi. EADaily ayrim muxlislar Ronalduning o‘zgarishini g‘alati deb baholaganini yozdi. Biroq futbolchining Instagram sahifasidagi izohlarda tanqid bilan birga ko‘plab ijobiy va hazilomuz munosabatlarni ham ko‘rish mumkin.

Kursiv Uzbekistan ko‘rgan postda ayrim foydalanuvchilar futbolchini «GOAT» deb atagan va uning yangi ko‘rinishini maqtashgan. Boshqa bir muxlis esa «Ginger Hair Ronaldo Before GTA VI» deb hazillashgan.

O‘zbekistonlik foydalanuvchilardan biri ham Ronalduning yangi ko‘rinishiga munosabat bildirib:

«Sochiz zor chiqibdi bosin brat 😂», – deb yozgan.

Instagram @cristiano / Skrinshot

Yana bir muxlis Ronalduning yangi soch rangini unga yarashganini ta’kidlagan. Boshqalar esa futbolchining yangi ko‘rinishini turli mashhur shaxslar va futbolchilar bilan hazil tariqasida taqqoslagan.

Futbolchining posti katta auditoriyani qamrab oldi. 15-avgust kuni tushdan keyin Instagram’da uning suratlariga qo‘yilgan layklar soni 11,5 mlnga yetgan.

To‘ydan keyin futbolga qaytdi

Ronaldu «Al-Nasr»ga qaytishidan ikki kun avval uzoq yillik sevgilisi Jorjina Rodriges bilan Portugaliyaning Kaskaysh shahrida to‘y qilgan. Juftlik 2016-yildan beri birga.

Futbolchi shundan so‘ng Saudiya Arabistoniga qaytib, yangi mavsum oldidan klub mashg‘ulotlariga qo‘shildi. Uning aynan shu qaytishi noodatiy soch rangi sabab ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy muhokamalardan biriga aylandi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Krishtianu Ronaldu ilk bor sochini qizg‘ish rangga bo‘yagani haqida xabar bergan edi. Futbolchi yangi ko‘rinishini 13-avgust kuni «Al-Nasr» mashg‘ulotlariga qaytganida namoyish qilgan.

Shuningdek