Toshkentda odamlarni qutqargan FVV xodimi halok bo‘ldi

Toshkentning Uchtepa tumanidagi xonadonlardan birida yuz bergan yong‘inni bartaraf etish vaqtida FVV qutqaruvchisi, kapitan Boburmirzo Pardayev halok bo‘ldi. U yong‘in paytida uyda bo‘lgan fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilishda qatnashgan.
Yong‘in erta tongda sodir bo‘ldi
Favqulodda vaziyatlar vazirligi ma’lum qilishicha, 15-avgust kuni soat 03:41 da «112» tizimiga Uchtepa tumani «Quyi Darxon» MFY hududidagi uylardan birida yong‘in sodir bo‘layotgani haqida xabar kelib tushgan.
Voqea joyiga Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasi hamda FVV Maxsus qutqaruv batalyoni xodimlari yetib borib, yong‘inni bartaraf etishga kirishgan.
Qutqaruvchilar yong‘inni o‘chirish bilan bir vaqtda xonadonda bo‘lgan fuqarolarni xavfsiz hududga evakuatsiya qilgan. FVV Maxsus qutqaruv batalyoni otryad komandirining o‘rinbosari – guruh komandiri, kapitan Boburmirzo Pardayev ham odamlarni qutqarishda ishtirok etgan. Yong‘inni bartaraf etish jarayonida Boburmirzo Pardayev halok bo‘lgan.
«U o‘z kasbining haqiqiy fidoyisi sifatida inson hayoti va xavfsizligini o‘z jonidan ustun qo‘yib, so‘nggi nafasiga qadar xizmat burchiga sodiq qoldi», – deyiladi FVV xabarida.
Vazirlik rahbariyati va shaxsiy tarkibi marhumning oila a’zolari hamda yaqinlariga hamdardlik bildirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Toshkentning Uchtepa tumanidagi «O‘rikzor» bozorida yong‘in sodir bo‘lgani haqida xabar bergan edi. Yong‘in bozordagi do‘konlardan birida yuz bergan.