Omskdagi yong‘inda ikki o‘zbekistonlik jabrlangani aytilmoqda

eʼlon qilindi
Ularning ayni paytdagi sog‘lig‘i haqida alohida ma’lumot berilmagan
Omskdagi yong‘inda ikki o‘zbekistonlik jabrlangani aytilmoqda
Foto: TASS

Rossiyaning Omsk shahridagi qurilish maydonida yuz bergan yong‘inda ikki O‘zbekiston fuqarosi jabrlandi, deya xabar berdi «Moskovskiy Komsomolets» nashri.

Ma’lumotlarga ko‘ra, jabrlangan o‘zbekistonliklar qurilish maydonida pudrat shartnomasi asosida ishlagan. Ularning ayni paytdagi sog‘lig‘i haqida alohida ma’lumot berilmagan.

Yong‘inda 11 kishi jabrlangan

Foto: Dzen

Hodisa 15-avgust kuni ertalab Omskdagi «Kvartali Draverta» turarjoy majmuasi qurilishida yuz bergan. Yong‘in oqibatida jami 11 nafar quruvchi shifoxonaga olib ketilgan. Ulardan biri keyinchalik vafot etgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, yetti kishi reanimatsiyada qolmoqda, uch nafar jabrlanuvchi esa tibbiy ko‘rikdan so‘ng uyiga javob berilgan. Ayrim jabrlanganlar tanasining 20 foizidan 90 foizigacha kuyish jarohatlarini olgan.

Yong‘in payvandlash ishlari vaqtida kelib chiqqan bo‘lishi mumkin

Foto: Bolshoy prospekt

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, yong‘inga payvandlash ishlari vaqtida qurilishda ishlatilayotgan issiqlik izolyatsiyasi materialining yonib ketishi sabab bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Hodisa joyida 30 nafar qutqaruvchi va oltita maxsus texnika ishlagan.

Voqea yuzasidan mehnatni muhofaza qilish talablarini buzish oqibatida inson o‘limiga sabab bo‘lish moddasi bo‘yicha jinoiy ish qo‘zg‘atilgan.

Shuningdek, prokuratura migratsiya qonunchiligi, mehnat muhofazasi va yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etilganini tekshirmoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Tatariston respublikasidagi Nijnekamsk shahrida dronlar hujumi oqibatida halok bo‘lgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadi 12-avgust kuni maxsus aviareys bilan O‘zbekistonga olib kelingandi.

Shuningdek