«Sabzi qiroli»: Holand sabab Norvegiyada sabzi savdosi oshdi

Norvegiyada sabzi savdosi oshgani qayd etildi. «Pravda Norway» yozishicha, ishlab chiqaruvchilar buni futbolchi Erling Holand ishtirokidagi reklama va uning sabzi yeyayotgan videolari ommalashgani bilan bog‘lab, holatni «Holand effekti» deb atamoqda.
Jahon chempionati atrofidagi qiziqish davrida futbolchi Bamba sabzavot yetkazib beruvchisi reklamasida muntazam namoyish etilgan.
Holand reklamada sabzi yegan
Reklama roliklaridan birida hujumchi yuk ko‘taruvchi texnikani boshqarib, bir vaqtning o‘zida sabzi yeyayotgani tasvirlangan.
Bu roliklar futbolchining mashhurligi sabab katta auditoriyaga yetib borgan. Natijada ishlab chiqaruvchilar sabzi savdosidagi o‘sishni Holand ishtirokidagi reklama kampaniyasi bilan bog‘lamoqda.

Ijtimoiy tarmoqlardagi videolar ham ommalashdi
Holandning avtomobilda futbol uchrashuviga ketayotib sabzi yeyayotgani aks etgan videolar ham ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan.
Shundan so‘ng Norvegiyada «sabzi qiroli» va «Holand effekti» kabi iboralar paydo bo‘ldi. Ishlab chiqaruvchilarga ko‘ra, futbolchining bunday oddiy mahsulotni muntazam iste’mol qilishi xaridorlarning sabziga bo‘lgan qiziqishini oshirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Holandning «garaji»da qanday modellar borligi haqida xabar berilgandi. Ma’lumotlarga ko‘ra, norvegiyalik futbolchining garajida Ferrari, Bugatti, Lamborghini, Rolls-Royce, Porsche, Aston Martin va Mercedes kabi brendlarning noyob modellari bor.