Sankt-Peterburgda og‘ir vaziyatga tushgan o‘zbekistonlik ayol olti farzandi bilan vatanga qaytarildi

Sankt-Peterburgda og‘ir vaziyatga tushib qolgan O‘zbekiston fuqarosi va uning olti nafar farzandi diplomatik vakolatxona ko‘magida vatanga qaytarildi. Bu haqda «Dunyo» axborot agentligi xabar berdi.
Ayol va uning farzandlarida shaxsini tasdiqlovchi hamda Rossiyadan chiqish huquqini beruvchi zarur hujjatlar bo‘lmagan.
Ona va bolalar alohida muassasalarda saqlangan
Hujjatlari bo‘lmagani sababli M.M. Rossiyadagi xorijiy fuqarolarni vaqtincha saqlash muassasasiga joylashtirilgan.
Uning olti nafar farzandi esa «Tranzit» bolalar ijtimoiy boshpanasida saqlangan.
Zarur hujjatlar qisqa muddatda tayyorlandi
Ona va bolalarning uzoq vaqt bir-biridan ajralib qolishining oldini olish maqsadida Bosh konsulxona zarur hujjatlarni qisqa muddatda rasmiylashtirib berdi.
Shundan so‘ng M.M. va uning olti nafar farzandi «Sankt-Peterburg – Samarqand» aviareysi orqali O‘zbekistonga qaytarildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning Tatariston respublikasidagi Nijnekamsk shahrida dronlar hujumi oqibatida halok bo‘lgan 8 nafar O‘zbekiston fuqarosining jasadi 12-avgust kuni maxsus aviareys bilan O‘zbekistonga olib kelingandi.