
Jorjina Rodriges Krishtianu Ronaldu bilan Portugaliyada o‘tgan nikoh marosimida Chopard’ning Garden of Kalahari kolleksiyasiga mansub qimmatbaho taqinchoqlarni tanladi. Uning bo‘ynidagi marjonning asosiy qismi 50 karatli, yuqori sifatli olmosdan iborat bo‘lgan.
Jorjina Rodriges Krishtianu Ronaldu bilan 11-avgust kuni Portugaliyaning Kaskaysh shahridagi uyida o‘tgan nikoh marosimida hashamatli olmos taqinchoqlarda ko‘rindi.
Vogue ma’lumotiga ko‘ra, Jorjina to‘y uchun Chopard’ning Garden of Kalahari zargarlik to‘plamidan taqinchoqlar tanlagan.
Marjon markazida 50 karatli olmos bor

Jorjinaning asosiy taqinchoqlaridan biri Garden of Kalahari kolleksiyasidagi marjon bo‘lgan.
Uning markazida D rang toifasiga kiruvchi, nuqsonsiz deb baholangan 50 karatli brilliant shaklidagi olmos joylashtirilgan.
Jorjina to‘y arafasida va marosim kuni ushbu kolleksiyaga mansub boshqa zargarlik buyumlaridan ham foydalangan.
To‘y kuni olmos bilaguzuk ham taqdi

Vogue suratlarida Jorjina to‘y kuni ertalab Ronaldu bilan mashq qilayotganda ham Chopard Garden of Kalahari kolleksiyasidagi olmos bilaguzukni taqib olgani ko‘rinadi.
Shuningdek, juftlikning uyidagi basseynda olingan suratlarda ham Jorjina shu kolleksiyaga mansub taqinchoqlarda tasvirlangan.
Ulkan unashtiruv uzugi ham e’tiborda bo‘ldi

Jorjina so‘nggi bir yil davomida oval shakldagi yirik olmosli unashtiruv uzugini taqib kelgan.
Vogue ushbu uzukning hajmini alohida ta’kidlab, u to‘y kunidagi eng ko‘zga tashlanadigan aksessuarlardan biri bo‘lganini qayd etdi.
Jorjina to‘y libosi uchun esa Gucci’ni tanlagan. U oq ipakdan tikilgan kostyum va kumush rangli Horsebit detali tushirilgan atlas tuflida ko‘rinish bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq juftlik katta tantana o‘rniga Portugaliyaning Kaskaysh shahridagi yangi uyida, farzandlari bilan birga kichik va oilaviy marosim o‘tkazishni tanlagani haqida ma’lumot berilgandi. Jorjinaga ko‘ra, kelajakda qarindoshlar va do‘stlar ishtirokida katta to‘y ham o‘tkazilishi mumkin. Biroq bu safar ular uchun shaxsiy va sokin muhit muhimroq bo‘lgan.