Chevrolet Cobalt avtomobiliga chegirma e’lon qilindi

17-avgust 2026 08:50 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Cobalt avtomobiliga chegirma e’lon qilindi
Foto: Autostrada

UzAuto Motors Chevrolet Cobalt MCM avtomobillari uchun maxsus chegirma taklif qilmoqda. Bu haqda kompaniya saytida xabar berildi.

Aksiya doirasida modelni 146,1 mln so‘mdan boshlab xarid qilish mumkin, chegirma miqdori esa komplektatsiyaga qarab 15 mln so‘mgacha yetadi.

Chevrolet rasmiy dilerlik markazlari va UzAuto Motors bilan hamkorlik qiluvchi ayrim banklar dam olish kunlari ham mijozlarga xizmat ko‘rsatmoqda. Shu sababli hafta davomida avtomobil xaridi uchun vaqt topa olmagan mijozlar shanba va yakshanba kunlari ham rasmiy dilerlarga murojaat qilishi mumkin.

Aksiya 10-sentabrgacha davom etadi

Foto: Chevrolet

Maxsus taklif 2026-yil 10-sentabr kuni ham amal qilgan holda shu sanagacha davom etadi.

Chegirmadan foydalanish uchun avtomobil qiymatining 100 foizini to‘lash talab etiladi. Tijorat banklari orqali moliyalashtirilgan xaridlarga mazkur aksiya shartlari tatbiq qilinmaydi.

Dam olish kunlari ishlaydigan hamkor banklar hamda avtomobillar mavjudligi haqida batafsil ma’lumotni Chevrolet rasmiy dilerlik markazlaridan olish mumkin.

Chevrolet’ning rasmiy saytida Cobalt MCM’ning Style MCM komplektatsiyasi 146,1 mln so‘mdan, Midnight MCM versiyasi esa 150,2 mln so‘mdan ko‘rsatilgan.

Cobalt MCM modeli haqida

Cobalt MCM – O‘zbekistonda sotilayotgan Chevrolet Cobalt’ning yangilangan versiyasi. Model 1,5 litrli benzin dvigateli bilan jihozlangan bo‘lib, uning maksimal quvvati 106 ot kuchini tashkil etadi. Chevrolet model sahifasida 5 pog‘onali mexanik va 6 pog‘onali avtomatik uzatmalar qutisi ko‘rsatilgan.

Foto: Chevrolet

Cobalt MCM’ning amaldagi Style MCM va Midnight MCM komplektatsiyalarida avtomatik uzatmalar qutisi, ABS tormoz tizimi, haydovchi va old yo‘lovchi uchun xavfsizlik yostiqchalari, konditsioner hamda bolalar o‘rindig‘ini mahkamlash tizimi mavjud.

Modelning yangilangan versiyalarida 7 dyuymli multimedia displeyi, Bluetooth va USB, kruiz-kontrol hamda ko‘p funksiyali rul kabi jihozlar ham taklif etiladi. Style MCM R15 yengil qotishmali disklar bilan jihozlansa, Midnight MCM qora rangdagi R15 disklar, qoraytirilgan dizayn elementlari va o‘ziga xos tashqi bezaklari bilan ajralib turadi.

Midnight MCM salonida qora rangdagi bezak elementlari va ekoteridan ishlangan o‘rindiqlar qo‘llanilgan. Tashqi dizaynda esa qora yon ko‘zgular, qora disklar va qoraytirilgan faralar ushbu versiyaning asosiy farqlaridan hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Damas avtomobilining narxi pasaygani haqida yozgan edi.

Shuningdek