Jorjina Rodriges Ronaldu bilan to‘yida qanday libos tanladi

17-avgust 2026 09:41 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jorjina Rodriges Ronaldu bilan to‘yida qanday libos tanladi
Kollaj: Marca

Jorjina Rodriges Krishtianu Ronaldu bilan nikoh marosimida an’anaviy kelinlik libosidan voz kechib, Gucci brendining to‘liq oq rangdagi obrazini tanladi. Marosimning ilk rasmiy kadrlari Vogue tomonidan e’lon qilindi, deb yozmoqda Marca.

Juftlik 11-avgust kuni turmush qurganini ma’lum qilgan, biroq dastlab faqat nikoh uzuklari ko‘ringan suratni ulashgan edi. Shu sababli to‘y qanday o‘tgani va Jorjina qanday libos tanlagani bir necha kun davomida sir bo‘lib kelgan.

Jorjina klassik kelinlik ko‘ylagidan voz kechdi

Rodriges to‘y uchun uzun, to‘r va bezaklarga boy an’anaviy kelinlik ko‘ylagini emas, balki zamonaviy hamda minimalistik uslubdagi Gucci komplektini tanlagan.

Uning obrazi ipak faille matosidan tayyorlangan uzun yengli, strukturalangan oq jaket va tanaga mos midi yubkadan iborat bo‘lgan. Jaket ko‘ylak yoqasi bilan bezatilgan bo‘lib, obrazga rasmiylik va nafislik bergan.

U sochlarini uzun va tekis holda yoyib qo‘ygan, pardozda esa tabiiy ranglardan foydalangan. Oq rangdagi manikyur umumiy obrazni yakunlagan.

Ronaldu ham klassik qora kostyum kiymadi

Krishtianu Ronaldu ham to‘y uchun odatiy qora smoking yoki klassik qora kostyumni tanlamagan.

Futbolchi marosimda och bej rangdagi maxsus tikilgan Gucci kostyumida ko‘ringan. U kostyum ostidan klassik ko‘ylak va galstuk o‘rniga oq futbolka kiygan.

Ronaldu obrazini Gucci uchun maxsus tayyorlangan loferlar bilan to‘ldirgan. Shu tariqa uning kiyimi ham Jorjinanikiga mos ravishda och va tabiiy ranglarda bo‘lgan.

Kadrlarda futbolchining shaxsiy tasbehi ham ko‘ringan.

To‘yda butun oila Gucci kiydi

Gucci uslubi faqat Jorjina va Ronaldu bilan cheklanmagan. Juftlikning besh farzandi – Krishtianu Junior, Eva, Mateo, Alana Martina va Bella Esmeralda ham Italiya moda uyining kiyimlarida qatnashgan.

Bolalar uchun ham, asosan, och va tabiiy ranglardan iborat liboslar tanlangan. Natijada butun oilaning obrazi yagona uslubda shakllantirilgan.

Gucci tanlovi ular uchun ramziy ma’noga ega

Marca qayd etishicha, Gucci’ning to‘y marosimida asosiy brendga aylanishi tasodifiy emas.

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges aynan Gucci do‘konida tanishgan. O‘sha paytda Jorjina Madridda brend butikida sotuvchi bo‘lib ishlagan.

Shu sababli Gucci liboslarining nikoh marosimida tanlanishi juftlikning munosabatlari boshlangan davrga ramziy ishora sifatida ham talqin qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Jorjina Ronaldu bilan ajrashsa nimalarga ega bo‘lishi haqida yozgan edi.

Shuningdek