Jorjina Ronaldu bilan ajrashsa nimalarga ega bo‘ladi

17-avgust 2026 07:55 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Jorjina Ronaldu bilan ajrashsa nimalarga ega bo‘ladi
Foto: Paul White/AP / Manba: Euronews

Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges o‘rtasidagi nikoh shartnomasiga oid ayrim tafsilotlar OAVda paydo bo‘ldi. Marca nashrining yozishicha, hujjatda juftlik ajrashgan taqdirda mol-mulk va moliyaviy majburiyatlar qanday taqsimlanishi oldindan belgilab qo‘yilgan.

Nashr turli manbalarga tayanib, kelishuv Ronaldu aktivlarini himoya qilish bilan birga, Jorjina Rodriges va ularning farzandlarining moliyaviy barqarorligini ham kafolatlashga qaratilganini bildirgan. Mazkur ma’lumotlar rasman juftlik tomonidan tasdiqlanmagan.

Jorjina oyiga 100 ming yevro olishi mumkin

Marca ma’lumotiga ko‘ra, munosabatlar yakunlangan taqdirda Jorjina Rodrigesga umrbod oyiga qariyb 100 ming yevro to‘lab borilishi nazarda tutilgan.

Foto: Instagram/ JR

Bu yiliga qariyb 1,2 mln yevro degani. Nashrning qayd etishicha, bunday to‘lov Rodrigesga Ronaldu bilan birga yashagan yillar davomida shakllangan turmush darajasini mustaqil ravishda saqlab qolish imkonini berishi ko‘zda tutilgan.

Kelishuvda aliment yoki moliyaviy ta’minotning aniq mexanizmi haqidagi boshqa huquqiy tafsilotlar ochiqlanmagan.

Madriddagi villa ham Jorjinaga qolishi aytilmoqda

Nikoh shartnomasining yana bir muhim bandi ko‘chmas mulkka tegishli.

Foto: RBN

Xabarlarga ko‘ra, agar juftlik ajrashsa, Madridning nufuzli La Finca hududida joylashgan oilaviy qarorgoh Jorjina Rodriges mulkiga o‘tishi mumkin.

Mazkur uy juftlik va ularning farzandlari uzoq vaqt yashagan asosiy qarorgohlardan biri sifatida tilga olinadi. OAV ushbu ko‘chmas mulkning qiymatini bir necha million yevroga baholaydi, biroq uning aniq joriy narxi keltirilmagan.

Kelishuv farzandlar tug‘ilgandan keyin shakllangan

Marca yozishicha, moliyaviy kelishuvning dastlabki asoslari Ronaldu va Rodriges munosabatlarining ilk yillaridayoq, ularning birinchi umumiy farzandi tug‘ilganidan keyin shakllantirilgan.

Kelishuvdan ko‘zlangan asosiy maqsad ehtimoliy ajralishni oldindan rejalashtirish emas, balki bunday vaziyat yuzaga kelgan taqdirda uzoq davom etadigan sud tortishuvlarining oldini olish va farzandlarning manfaatlarini himoya qilish bo‘lgan.

Aktivlar, ko‘chmas mulk va moliyaviy majburiyatlarning oldindan belgilanishi tomonlar o‘rtasida keyinchalik kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizolarni kamaytirishi mumkin.

Ronaldu boyligi $1,2 mlrddan ortiq baholanmoqda

Foto: Hello Magazine

Nashr Krishtianu Ronalduning umumiy boyligini $1,2 mlrddan ortiq deb baholamoqda.

Futbolchining daromadlari faqat maydondagi faoliyat bilan cheklanmaydi. Ronaldu yirik reklama shartnomalari, CR7 brendi, mehmonxona va boshqa biznes loyihalari orqali ham daromad oladi.

Shu sababli aktivlarni ajratish va nikoh shartnomasi orqali mulkiy munosabatlarni tartibga solish katta kapitalga ega shaxslar uchun keng tarqalgan amaliyot hisoblanadi.

Marca talqiniga ko‘ra, mazkur kelishuv Ronalduga asosiy biznes aktivlari va investitsiyalarini nazoratda saqlab qolish imkonini beradi, Jorjina Rodrigesga esa katta miqdordagi moliyaviy kafolatlar taqdim etadi.

Jorjinaning o‘z daromad manbalari ham bor

Jorjina Rodriges ham faqat Ronaldu mablag‘lariga bog‘liq shaxs emas. U model va influencer sifatida faoliyat yuritadi, yirik brendlar bilan hamkorlik qiladi va o‘zining media loyihalaridan daromad oladi.

U haqidagi realiti-shou ham Rodrigesning xalqaro miqyosdagi mashhurligini oshirdi. Shu tariqa, OAV ta’riflayotgan nikoh shartnomasi faqat bir tomonning manfaatlarini himoya qiluvchi hujjat emas, balki juftlikning aktivlari va kelajakdagi moliyaviy majburiyatlarini oldindan tartibga soluvchi kelishuv sifatida ko‘rsatilmoqda.

Avvalroq «Kursiv» Jorjina Rodriges qanday hashamatli avtomobillarda yurishi haqida yozgan edi.

Shuningdek