Ko‘p qavatli uylarda liftlardan foydalanish bo‘yicha yangi qoidalar belgilandi

eʼlon qilindi
16-noyabrdan kuchga kiradi
Lift
Foto: Sapura Temirxanova / Kursiv Uzbekistan

Ko‘p kvartirali uylar liftlarining xavfsizligi kuchaytiriladi. Shuningdek, umumiy foydalanishdagi kirish yo‘laklariga split tizimlarini o‘rnatish taqiqlanadi. Bu bo‘yicha Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirining buyrug‘i bilan kiritilgan tegishli o‘zgartirishlar 14-avgust kuni Adliya vazirligida ro‘yxatdan o‘tkazildi.

Liftlar doimiy nazoratda bo‘ladi

Yangi tartibga ko‘ra, uylarni boshqaruvchi tashkilotlar liftlarning butun xizmat muddati davomida xavfsiz va soz ishlashini ta’minlashi kerak. Lift faqat texnik xizmat ko‘rsatish yoki ta’mirlash zarurati sabab vaqtincha to‘xtatilishi mumkin.

Boshqaruv tashkilotlari liftlar ustidan dispetcherlik nazoratini ham yo‘lga qo‘yadi. Kabinalar va texnik xonalarda aloqa vositalari bo‘lishi, avariya holatida tezkor xabar berish hamda qutqaruv ishlarini tashkil etish imkoniyati yaratilishi lozim.

Har oy texnik xizmat ko‘rsatiladi

Yangi talablarga binoan liftlar har oy texnik ko‘rik va xizmatdan o‘tkaziladi. Yiliga kamida bir marta esa davriy texnik tekshiruv amalga oshiriladi.

Nosozlik yoki xavf tug‘diruvchi holat aniqlanganda, bu haqda liftga xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotga zudlik bilan xabar berilishi kerak. Shuningdek, nogironligi bo‘lgan fuqarolarning liftlardan xavfsiz foydalanishi uchun zarur sharoitlar yaratiladi.

Lift ichida ma’lumotlar ko‘rsatiladi

Lift kabinasida uning yuk ko‘tarish imkoniyati, undan foydalanish qoidalari va bir vaqtning o‘zida kirishi mumkin bo‘lgan yo‘lovchilar soni haqidagi ma’lumotlar bo‘lishi shart.

Bundan tashqari, «Xavfsiz lift» elektron platformasidagi qayd raqami, oxirgi texnik ko‘rik to‘g‘risidagi ma’lumot va xizmat ko‘rsatuvchi yoki avariya tashkilotining aloqa raqami ham ko‘rsatiladi.

Lift shaxtasi, mashina xonasi va ularga olib boruvchi joylar esa ochiq, yorug‘ va foydalanish uchun xavfsiz holatda saqlanishi kerak.

Kirish yo‘laklariga split o‘rnatish mumkin emas

O‘zgarishlar faqat liftlar bilan cheklanmaydi. Ko‘p kvartirali uylarning umumiy foydalanishdagi kirish yo‘laklariga sovitish yoki isitish qurilmalarini, jumladan, split tizimlarini o‘rnatishga ruxsat berilmaydi.

Shuningdek, xonadonini ijaraga bergan mulkdorlar uy-joydan foydalanuvchilar tomonidan umumiy uy-joy qoidalariga rioya etilishini ta’minlashi kerak.

Yangi talablar hujjat rasmiy e’lon qilinganidan uch oy o‘tib, 16-noyabrdan kuchga kiradi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda liftlar xavfsizligini baholash bo‘yicha yangi tartib joriy etilishi haqida yozgandi.

Shuningdek