
Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining «Al-Nassr» klubi hujumchisi Krishtianu Ronaldu 2026/27-yilgi mavsum professional futbolchilik faoliyatidagi so‘nggisi bo‘lishi mumkinligini ma’lum qildi. 41 yoshli futbolchi bu haqda Vogue jurnaliga bergan intervyusida aytdi.
Besh karra «Oltin to‘p» sohibining so‘zlariga ko‘ra, u professional sportda qariyb 25 yil faoliyat olib bordi va futbolni tark etgandan keyingi hayoti haqida ham o‘ylab qo‘ygan.
Ronaldu futboldan keyingi rejalarini aytdi
Portugaliyalik futbolchi faoliyatini yakunlagach, ko‘proq sayohat qilish, oilasi bilan vaqt o‘tkazish hamda padel bilan faol shug‘ullanishni rejalashtirayotganini bildirdi.
Ronaldu uzoq yillar davom etgan professional faoliyatidan keyin hayotining yangi bosqichiga tayyor ekanini qayd etgan. Shu bilan birga, u 2026/27-yilgi mavsumni aniq so‘nggi mavsum deb e’lon qilmagan – futbolchi bu mavsum faoliyatidagi oxirgisi bo‘lishi mumkinligini aytgan.

2026-yilgi jahon chempionati Ronaldu uchun so‘nggisi bo‘ldi
Avvalroq Ronaldu 2026-yil iyun – iyul oylarida o‘tkazilgan jahon chempionati uning faoliyatidagi so‘nggi mundial bo‘lganini tasdiqlagan edi.
Portugaliya terma jamoasi turnirning 1/8 final bosqichida Ispaniyaga qarshi maydonga tushib, 0:1 hisobida mag‘lub bo‘ldi va musobaqani tark etdi.
Shu tariqa Ronaldu boshqa jahon chempionatida futbolchi sifatida qatnashmasligini ma’lum qilgan.
Ronaldu 1000 ta gol marrasiga yaqinlashmoqda
Hozirda Krishtianu Ronaldu «Al-Nassr» safida faoliyatini davom ettirmoqda. Uning professional faoliyatining yakuniy bosqichidagi asosiy shaxsiy maqsadlaridan biri rasmiy uchrashuvlarda 1000 ta gol urish marrasiga erishish bo‘lib qolmoqda.
Portugaliyalik hujumchi klub va terma jamoa safidagi gollari hisobiga futbol tarixidagi eng sermahsul to‘purarlar qatoridan joy olgan.
Avvalroq «Kursiv» Jorjina Rodriges Ronaldu bilan to‘yida qanday libos tanlagani haqida yozgan edi.