
Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges Portugaliyadagi uyida kam sonli yaqinlari davrasida turmush qurdi. Vogue juftlikning 11-avgust kuni o‘tgan to‘yidan suratlar va tafsilotlarni e’lon qildi.
Juftlik katta tantana o‘rniga Portugaliyaning Kaskaysh shahridagi yangi uyida, farzandlari bilan birga kichik va oilaviy marosim o‘tkazishni tanlagan. Jorjinaga ko‘ra, kelajakda qarindoshlar va do‘stlar ishtirokida katta to‘y ham o‘tkazilishi mumkin. Biroq bu safar ular uchun shaxsiy va sokin muhit muhimroq bo‘lgan.
To‘y ular tanishgan kunning 10 yilligida bo‘lib o‘tdi
Ronaldu va Jorjina 2016-yil 11-avgust kuni Madriddagi Gucci do‘konida tanishgan. O‘sha vaqtda Jorjina do‘konda sotuvchi bo‘lib ishlagan, Ronaldu esa o‘g‘li Krishtianu Kichik bilan xarid qilish uchun kirgan.
Jorjina o‘sha uchrashuvni «taqdir» deb atadi. Ronaldu esa ilk uchrashuvni eslab, shunday dedi:
«Men unga orqam bilan turgandim, keyin o‘girilib uni ko‘rdim. Ko‘zlarimiz uchrashdi va o‘sha paytdan boshlab…»
Jorjina uning gapini «Bu tush edi», deya davom ettirgan.
Ronaldu esa:
«Ha, tush edi. Men uning hayotimdagi muhabbat ekanini bilaman. Men ham uning hayotidagi muhabbatman, deb o‘ylayman», – dedi.
Marosim o‘z uylarining mehmonxonasida o‘tkazildi

Juftlik to‘y uchun maxsus saroy yoki katta tadbir maydonini tanlamadi. Nikoh marosimi ularning har kuni nonushta, tushlik va kechki ovqat qiladigan uyidagi mehmonxonada o‘tkazildi.
Jorjina buning sababini tushuntirib:
«30 yildan keyin bolalarimiz shu stolga qarab, bu yerda juda ajoyib voqea – ota-onamizning nikoh va’dalari bo‘lgan, deb o‘ylashlarini istayman», – dedi.
Ronaldu bunga hazil bilan:
«Balki o‘sha paytgacha stolning o‘zi qolmas. Interyerni o‘zgartirishimiz mumkin», – deya javob bergan.
Jorjinaga ko‘ra, bolaligida u katta saroy, uzun to‘y libosi, hashamatli arava va olmosli toj bilan to‘y qilishni orzu qilgan. Hozir esa uning qarashlari o‘zgargan.
«Saroylar, uylar, orollar, otlar, mashinalar — bularning barchasi bizda bor. Lekin chinakam yaqin va oilaviy lahzalar biz uchun ancha noyob», – dedi u.
Farzandlar marosimning asosiy ishtirokchilari bo‘ldi

Juftlik to‘y kunida asosiy e’tiborni farzandlariga qaratgan.
Jorjina:
«Bolalar bizning vaqtimiz ularga tegishli ekanini biladi. To‘yda ham ular, har kungidek, asosiy qahramonlar bo‘ldi», – dedi.
Ronaldu va Jorjina to‘y kuni Gucci liboslarini tanlagan. Bu ham ularning aynan Gucci do‘konida tanishgani bilan bog‘liq ramziy qaror bo‘lgan.
To‘y suratlarini fotograf Yurgen Teller olgan. Jorjinaga ko‘ra, ular oddiy oilaviy fotoalbom emas, balki yillar davomida saqlanadigan san’atga yaqin suratlarni xohlagan.
To‘ydan keyin Fotimaga yo‘l olishdi

Nikoh marosimidan so‘ng Ronaldu va Jorjina Portugaliyadagi Fotima ziyoratgohiga borgan. U yerda ular kichik ibodatxonada ruhoniydan duo olgan.
Jorjina bu lahzani alohida eslab:
«Menga boshqa hech narsa kerak emasligini his qildim: erim, farzandlarim, uyimiz, e’tiqodimiz va sevgimiz», – dedi.
Juftlik to‘ydan keyin asal oyiga chiqmagan. Ertasi kuni ular Riyodga qaytishi kerak bo‘lgan, chunki Ronalduning yangi futbol mavsumi 15-avgustda boshlanadi. Ronaldu bunga munosabat bildirib:
«Har bir kun — asal oyi», – dedi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Jorjina Ronaldu bilan ajrashsa nimalarga ega bo‘lishi haqida ma’lumot berilgandi.