
O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi Eldor Shomurodov faoliyatini AQShning MLS chempionatida davom ettirishi mumkin. Turkiyalik jurnalist O‘g‘uz O‘ruchning ma’lum qilishicha, «Sent-Luis Siti» klubi «Istanbul Bashakshehir» hujumchisiga qiziqish bildirmoqda.
Amerika klubi 31 yoshli o‘zbekistonlik futbolchini o‘z safiga qo‘shib olishni istamoqda. Biroq hozircha «Sent-Luis Siti» va «Bashakshehir» o‘rtasida transfer bo‘yicha kelishuvga erishilgani yoki AQSh klubi rasmiy taklif yuborgani haqida ma’lumot yo‘q.
Shomurodov Turkiyada to‘purar bo‘lgan
Shomurodov 2025/26-yilgi mavsumni «Bashakshehir» safida ijara asosida o‘tkazdi. U Turkiya Superligasida 32 ta uchrashuvda 22 ta gol urib, yana 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. O‘zbekistonlik hujumchi shu natija bilan chempionatning eng yaxshi to‘purari bo‘lgan. 2026-yil aprelida «Bashakshehir» Shomurodovni to‘liq transfer qilgan. Futbolchining Istanbul klubi bilan shartnomasi 2028-yilgacha amal qiladi.
Avvalroq O‘zbekiston terma jamoasi hujumchisi Eldor Shomurodov Turkiya Superligasining yangi mavsumidagi ilk uchrashuvida gol urgandi.