«Tolibon» AQShni Afg‘onistonga qaytishga chaqirdi

Afg‘onistonning «Tolibon» harakati AQShni mamlakatga diplomatlarini qaytarish va investitsiyalarni tiklashga chaqirdi. Bu haqda Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri Amir Xon Muttaqiy «The New York Times»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Muttaqiyga ko‘ra, Vashington Qobulda elchixonasini qayta ochishi va Afg‘oniston iqtisodiyotiga sarmoya kiritishni boshlashi mumkin. Xususan, gap foydali qazilmalarni o‘zlashtirish, suv omborlari va yo‘llar qurilishi kabi loyihalar haqida bormoqda.
AQSh harbiylari qaytishiga qarshi
Afg‘oniston tashqi ishlar vaziri mamlakatdagi urush davri yakunlanganini va endi ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlarni o‘zaro hurmat asosida yangi bosqichga olib chiqish istagida ekanini aytdi.
Biroq u AQSh harbiylarining Afg‘onistonga qaytishini istisno qildi. Shuningdek, «Tolibon» AQShda o‘z diplomatik vakolatxonalarini ochishni ham rejalashtirmoqda.
Nashr suhbatlashgan sobiq amerikalik va afg‘on amaldorlarining ta’kidlashicha, «Tolibon» uchun Donald Tramp ma’muriyati bilan aloqalarni qayta tiklash asosiy diplomatik maqsadlardan biriga aylangan.
Avvalroq BMT Afg‘onistonda ayollarning yuzni ochib yurish va pardoz-andoz cheklovlari ortidan hibsga olinayotganidan xavotir bildirgani haqida xabar berilgandi.