
«Manchester Siti» hujumchisi Erling Holandga futbol faoliyatidagi to‘rtta yirik natijasi uchun Ginnesning rekordlar kitobi sertifikatlari topshirildi. Norvegiyalik futbolchi Premyer-liga, UEFA Millatlar ligasi va Chempionlar ligasida rekord natijalarni qayd etgan.
Yangi futbol mavsumi boshlanishi arafasida Erling Holandga Guinness World Records tomonidan to‘rtta rekordni tasdiqlovchi sertifikat topshirildi. Taqdirlash «Manchester Siti»ning «Etihad» stadionida bo‘lib o‘tdi.
26 yoshli hujumchi Guinness World Records Football Edition 2027 nashri muqovasidan ham joy oldi.
Premyer-ligada 100 ta golga eng tez yetgan futbolchi

Holandning eng yangi rekordi 2025-yil 2-dekabr kuni qayd etilgan. U «Fulhem»ga qarshi uchrashuvda gol urib, Angliya Premyer-ligasida 100 ta golga eng tez yetgan futbolchiga aylangan.
Buning uchun unga atigi 111 ta uchrashuv kerak bo‘lgan.
Holand «Manchester Siti»ga 2022/23-yilgi mavsum oldidan Dortmundning «Borussiya» klubidan kelib qo‘shilgan edi.
Bir mavsumda 36 ta gol
Norvegiyalik hujumchi Angliyadagi ilk mavsumidayoq yana bir rekord o‘rnatgan.
U 38 uchrashuvdan iborat Premyer-liga mavsumida 36 ta gol urib, bir mavsumda eng ko‘p gol urgan futbolchiga aylangan.
Bungacha rekord Muhammad Salohga tegishli bo‘lib, u 2017/18-yilgi mavsumda «Liverpul» safida 32 ta gol urgan edi.
Millatlar ligasida 19 ta gol
Holand Norvegiya terma jamoasi safida UEFA Millatlar ligasida ham rekord o‘rnatgan.
U 2020-yil 4-sentabrdan 2024-yil 17-noyabrgacha ushbu turnirda jami 19 ta gol urgan. Bu musobaqa tarixidagi eng yuqori natija hisoblanadi.
Eng yaqin ta’qibchisidan Holand to‘rtta golga oldinda.
Chempionlar ligasida bir o‘yinda beshta gol

Holandning yana bir rekordi UEFA Chempionlar ligasi bilan bog‘liq.
2023-yil 14-mart kuni u «RB Leypsig»ga qarshi uchrashuvda beshta gol urgan. Shu tariqa Holand Chempionlar ligasining bitta o‘yinida eng ko‘p gol urish bo‘yicha Lionel Messi va Luis Adriano bilan bir xil natijani qayd etgan.
JCh – 2026’dan keyin mashhurligi yanada oshdi
Holand JCh – 2026 davomida Norvegiya terma jamoasining eng ko‘zga ko‘ringan futbolchilaridan biri bo‘ldi.
Turnir davomida uning Instagram’dagi kuzatuvchilari soni qariyb 24 mln nafarga oshgan. Bunga nafaqat maydondagi o‘yini, balki o‘yindan keyingi hazilomuz intervyulari va ijtimoiy tarmoqlardagi faolligi ham ta’sir qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Holand sabab Norvegiyada sabzi savdosi oshgani haqida xabar berilgandi. Jahon chempionati atrofidagi qiziqish davrida futbolchi Bamba sabzavot yetkazib beruvchisi reklamasida muntazam namoyish etilgan.