Xorazmda zamonaviy kasblarni o‘rgatuvchi Kasblar shaharchasi tashkil etildi

eʼlon qilindi
11 yo‘nalishda ta’lim beriladi
Xorazmda zamonaviy kasblarni o‘rgatuvchi Kasblar shaharchasi tashkil etildi
Foto: prezident.uz

Shavkat Mirziyoyev Urganch shahridagi Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumi va uning hududida tashkil etilgan Kasblar shaharchasi faoliyati bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.

72,4 milliard so‘mlik majmua

Foto: prezident.uz

Xorazm ilg‘or kasbiy mahorat texnikumini tashkil etish uchun Davlat budjetidan 72,4 milliard so‘m ajratilgan. 5,2 gektar maydonda bunyod etilgan majmua 1 ming 100 o‘quvchiga mo‘ljallangan ikkita o‘quv binosi, 300 o‘rinli yotoqxona, sport zali, 200 o‘rinli oshxona va ikkita zamonaviy o‘quv ustaxonasini o‘z ichiga oladi.

Ta’lim jarayonida Germaniya, Shveysariya, Buyuk Britaniya, Xitoy va Janubiy Koreyaning ilg‘or tajribalaridan foydalanilmoqda.

11 yo‘nalishda ta’lim beriladi

2026/2027-o‘quv yili uchun texnikumga 11 ta kasb yo‘nalishi bo‘yicha 200 nafar iqtidorli yosh imtihon orqali saralangan.

Foto: prezident.uz

Bu yerda dual ta’lim tizimi yo‘lga qo‘yilgan. Ya’ni o‘quvchilar nazariy bilim bilan birga korxonalarda amaliy tajriba ham orttiradi. Ta’lim dasturlari ish beruvchilar ehtiyojidan kelib chiqib shakllantirilmoqda.

Texnikum nafaqat o‘z o‘quvchilari, balki viloyatdagi boshqa kasbiy ta’lim muassasalari uchun ham amaliy baza vazifasini bajaradi. Hozirda hududdagi muassasalarning qariyb 4 300 nafar o‘quvchisi uning ustaxona va laboratoriyalarida amaliyot o‘tashi mumkin.

Kasbga yo‘naltirish erta boshlanadi

Kasblar shaharchasida yoshlarning qiziqishi va qobiliyatini erta aniqlashga alohida e’tibor qaratilgan.

Foto: prezident.uz

Bu yerda «O‘zing yasab ko‘r» tamoyili asosida o‘quvchilar zamonaviy uskunalarda ishlash orqali turli kasblar bo‘yicha dastlabki ko‘nikmalarni egallaydi.

Transport va logistika, sanoat va qurilish, servis, qishloq xo‘jaligi hamda «yashil» energetika kabi yo‘nalishlar shaharchaning asosiy yo‘nalishlari qatoridan joy olgan.

Ish beruvchi bilan hamkorlik kuchaytiriladi

Kasblar shaharchasi yirik korxonalar bilan hamkorlikda faoliyat yuritadi. Bu yoshlarni kasb tanlashga yo‘naltirish, amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish va kelgusida ish bilan ta’minlashni yagona tizimga birlashtirish imkonini beradi.

Foto: prezident.uz

Prezident zamonaviy mehnat bozorida talab yuqori bo‘lgan mutaxassislarni tayyorlash, o‘quv dasturlarini ish beruvchilar ehtiyojiga moslashtirish va Xorazmdagi ushbu tajribani boshqa hududlarda ham joriy etish muhimligini ta’kidladi.

Ilg‘or kasbiy mahorat texnikumlarini Qoraqalpog‘iston va boshqa hududlarda ham bosqichma-bosqich tashkil qilish rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Prezident maktablariga kirish imtihonlarining natijalari chiqqani haqida yozgandi.

Shuningdek