Bahodir Jalolov 2028-yilgi Olimpiadada qatnashishi mumkin

O‘zbekiston boks terma jamoasi ikki karra Olimpiya chempioni Bahodir Jalolovni 2028-yilgi Olimpiada uchun terma jamoa tarkibida saqlab qoladi. Bokschining Los-Anjeles Olimpiadasida ishtirok etish imkoniyati mavjud. Bu haqda O‘zbekiston boks federatsiyasi bosh kotibi Shohid Tillaboyev ma’lum qildi.
Jalolov yana chempion bo‘lmoqchi
Federatsiya vakiliga ko‘ra, Jalolov «Parij – 2024» Olimpiadasidan keyin havaskor boksdagi faoliyatida vaqtinchalik tanaffus qilgan. Shunga qaramay, u O‘zbekiston milliy terma jamoasining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda.
Hozirda Jalolov professional boksdagi faoliyatiga e’tibor qaratib, chempionlik kamarlarini qo‘lga kiritish va O‘zbekiston bayrog‘ini professional ringda yuqori darajaga olib chiqishni maqsad qilgan.
Federatsiya ayni paytda og‘ir vazn toifasida yosh bokschilarni ham tayyorlamoqda. Tillaboyev terma jamoaning asosiy vazifalaridan biri yoshlar va zaxira tarkibiga yirik musobaqalarda tajriba to‘plash imkonini berish ekanini ta’kidladi.
Bahodir Jalolov «Tokio – 2020» va «Parij – 2024» Olimpiadalarida oltin medalni qo‘lga kiritgan. U, shuningdek, ikki karra jahon chempioni va uch karra Osiyo chempioni hisoblanadi.
Avvalroq super og‘ir vazn toifasida ringga ko‘tarilgan Bahodir Jalolov xorvatiyalik Agron Smakichiga qarshi to‘liq ustunlik namoyish etgandi. 10 raundga mo‘ljallangan jangning 8-raundi oldidan Smakichining jamoasi bahsni davom ettirishdan bosh tortgan va natijada hakam texnik nokaut orqali g‘alabani Jalolovga bergan.