Benzema ham O‘zbekistonga keladi

OFK Elit Chempionlar ligasining yangi mavsumi qur’asiga ko‘ra, Farg‘onaning «Neftchi» klubi Saudiya Arabistonining «Al-Hilol» jamoasi bilan Farg‘onada kuch sinashadi. Bu esa jahon futbolining yulduzi – Karim Benzemaning O‘zbekistonga kelishi ehtimolini oshiradi.
Benzema Farg‘onada maydonga tushishi mumkin
«Al-Hilol» ayni paytda Benzema to‘p tepayotgan Saudiya Arabistoni klubi hisoblanadi. Fransiyalik hujumchi 2026-yilning boshidan beri jamoa safida o‘ynab kelmoqda.
Qur’a natijasiga ko‘ra, «Al-Hilol» «Neftchi»ning uy uchrashuvidagi raqiblaridan biri bo‘ldi. Shu sababli Benzema va uning jamoadoshlari liga bosqichida Farg‘onaga tashrif buyurishi mumkin.
Bu o‘zbekistonlik muxlislar uchun Elit OChLning yangi mavsumidagi eng katta voqealardan biriga aylanishi mumkin.
«Neftchi» Saudiya grandlarini qabul qiladi
Qur’aga ko‘ra, «Neftchi»ning Farg‘onadagi uy o‘yinlarida quyidagi jamoalar ishtirok etadi:
- «Al-Hilol» — Saudiya Arabistoni;
- «Al-Ahli» — Saudiya Arabistoni;
- «Al-Ittihod» — Saudiya Arabistoni;
- «Eyr Fors» — Iroq.
Demak, Farg‘ona klubi o‘z maydonida Saudiya Arabistonining birdaniga uchta grand jamoasini qabul qiladi. Ularning tarkibida jahon futbolida katta nom qozongan futbolchilar bor.
Avvalroq Toshkentning «Paxtakor» klubi yangi mavsumda Krishtianu Ronaldu to‘p tepadigan «An-Nasr»ni Toshkentda qabul qilishi haqida xabar berilgandi.