Dollarga talab oshmoqda, so‘m esa mustahkamlandi

O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar – iyul oylarida xorijiy valyutaga talab sezilarli oshganiga qaramay, so‘m dollarga nisbatan qariyb 0,4 foizga mustahkamlandi. Bu haqda Markaziy bank ma’lum qildi.
Yetti oyda yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga jami talabi $38,2 mlrdga, bozordagi taklif esa $33 mlrdga yetdi. Regulyator ma’lumotlariga ko‘ra, valyutaga talab o‘tgan yilning shu davridagiga nisbatan 17,7 foiz, taklif esa 28 foiz oshgan. Natijada taklif talabga qaraganda tezroq o‘sgan.
Valyutaga talab $5,7 mlrdga oshdi
2026-yilning dastlabki yetti oyida yuridik va jismoniy shaxslarning chet el valyutasiga jami talabi $38,2 mlrdni tashkil etdi. Taqqoslash uchun, 2025-yil yanvar – iyul oylarida bu ko‘rsatkich $32,5 mlrd edi. Bir yil ichida valyutaga talab $5,7 mlrdga yoki 17,7 foizga oshgan.
Talabning asosiy qismini biznes shakllantirdi. Yuridik shaxslar yetti oy davomida $30 mlrdlik chet el valyutasini xarid qilgan. Jismoniy shaxslarning valyuta xaridi esa $8,2 mlrdni tashkil etdi.
Shunday qilib, ichki bozordagi umumiy valyuta xaridlarining qariyb to‘rtdan uch qismi korxonalar hissasiga to‘g‘ri kelgan.
Aholi banklarga $14,6 mlrd sotdi
Valyuta bozorining taklif tomonida o‘sish yanada yuqori bo‘ldi. Yuridik va jismoniy shaxslarning jami chet el valyutasi taklifi bir yil ichida $7,2 mlrdga yoki 28 foizga oshib, $33 mlrdga yetdi.
Shundan $14,6 mlrdlik valyuta aholi tomonidan tijorat banklariga sotilgan. Yuridik shaxslarning banklarga sotgan valyutasi esa $18,4 mlrdni tashkil etdi.
Raqamlardan ko‘rinishicha, jismoniy shaxslar yetti oy davomida banklardan $8,2 mlrdlik valyuta xarid qilgan bo‘lsa, ularga $14,6 mlrd sotgan. Ya’ni aholi segmentida valyuta taklifi xariddan $6,4 mlrdga ko‘p bo‘lgan.
Biznesda esa aksincha holat kuzatilgan: korxonalar $30 mlrd valyuta xarid qilib, $18,4 mlrd sotgan.
Talab va taklif o‘rtasidagi farq $5,2 mlrd
Yanvar – iyul oylaridagi jami ko‘rsatkichlar solishtirilganda, valyutaga bo‘lgan $38,2 mlrdlik talabga qarshi $33 mlrdlik taklif shakllangan.
Shu tariqa talab va taklif o‘rtasidagi farq $5,2 mlrdni tashkil etgan.
Biroq yillik dinamikada taklifning 28 foizlik o‘sishi talabning 17,7 foizlik o‘sishidan yuqori bo‘ldi. Bu davrda ichki valyuta bozoriga kelayotgan xorijiy valyuta hajmi xaridlarga nisbatan tezroq oshganini ko‘rsatadi.
Dollar 11 910 – 12 320 so‘m oralig‘ida harakatlandi
Hisobot davrida AQSh dollarining almashuv kursi 11 910 so‘mdan 12 320 so‘mgacha bo‘lgan diapazonda tebrandi. Yanvar – iyul yakunlariga ko‘ra, milliy valyuta AQSh dollariga nisbatan qariyb 0,4 foizga mustahkamlangan.
Shu bilan birga, bozordagi kurs tebranishlari o‘tgan yilga qaraganda biroz kuchaydi. Yetti oyda almashuv kursining o‘rtacha tebranuvchanligi 32 so‘m yoki 0,27 foizni tashkil etdi. 2025-yilning shu davrida bu ko‘rsatkich 28,2 so‘m yoki 0,22 foiz bo‘lgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 18-avgust uchun valyutalar kursi e’lon qilingani haqida yozgan edi.