Internetda inson mumiyolarini sotish boshlandi

eʼlon qilindi
Inson qoldiqlari pochta orqali ham yetkazib berilgan
Foto: 22century.ru

Mumiyolangan inson qoldiqlari internet orqali sotilayotgani va hatto oddiy pochta xizmatlari orqali yuborilayotgani ma’lum bo‘ldi. Olimlar bunday savdo sog‘liq uchun potensial xavf tug‘dirishi mumkinligini aniqladi. Bu haqda Naked Science xabar berdi.

Buyuk Britaniya, Litva, Italiya va Avstraliya universitetlari tadqiqotchilari 2015 – 2025-yillarda ijtimoiy tarmoqlar, internet-do‘konlar va auksionlardagi inson mumiyolari haqidagi 122 ta e’lonni tahlil qilgan.

Ayrim mumiyalorda zamburug‘ belgilari bor

Tadqiqotchilar 13 ta e’londa mumiyolangan qoldiqlardan zamburug‘larga o‘xshash belgilarni aniqlagan. Ulardan oltitasida to‘qimalarning mikroorganizmlar ta’sirida yemirilishi kuzatilgan.

Olimlarning ta’kidlashicha, mumiyolangan qoldiqlarning quruq bo‘lishi mikroorganizmlar xavfini butunlay yo‘q qilmaydi. Nam va yomon shamollatiladigan sharoitda ayrim zamburug‘lar yana faollashib, sporalarini havoga tarqatishi mumkin.

Qoldiqlar pochta orqali ham yuborilgan

Tadqiqot davomida inson qoldiqlari oddiy pochta va kuryer xizmatlari orqali jo‘natilgani haqida ham dalillar topilgan. Jumladan, AQSHdagi xaridor Buyuk Britaniyadan Royal Mail orqali yuborilgan inson qoldiqlari tushirilgan posilkani ko‘rsatgan.

Tadqiqotchilar ayrim sotuvchilar jo‘natmalarni boshqa turdagi mahsulot sifatida ko‘rsatishga uringanini qayd etgan.

Olimlar mumiyolangan qoldiqlar bilan ishlashda himoya vositalaridan foydalanish zarurligini ta’kidlagan. Biroq qadimiy mumiyolardan sog‘lom odamlarga kasallik yuqish ehtimoli umumiy hisobda past ekani qayd etilgan.

Avvalroq amerikalik psixologiya professori Jeyms Bedford rasman kriokonservatsiya qilingan, ya’ni muzlatilgan ilk inson bo’lgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek